Buxoroda mast holda mashina boshqargan ayol 15 sutkaga qamaldi.
«Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda, spirtli ichimlik ta’siri ostida transport vositasini boshqarish qonun talablarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Bu kabi mas’uliyatsiz harakatlar og‘ir oqibatlarga, jumladan, inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi ko‘ngilsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin»,-dedi holat bo‘yicha «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan Buxoro viloyat IIB JXX YHXB axborot guruhi katta inspektori Umidjon Barakayev.
G‘ijduvon tumanida yashovchi ayol X.M. tomonidan sodir etilgan ushbu huquqbuzarlik sud muhokamasida atroflicha ko‘rib chiqilgan. Sudda u o‘z qilmishini tan oldi.
«Dugonalarim bilan bayramda yig‘ilishgandik. Bayram bahonasida ozgina spirtli ichimlik iste’mol qildim. Meni shu holatda mashina boshqarganim uchun to‘xtatishdi. Qilgan ishimdan pushaymonman»,-degan u sudda.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etgan aybdorga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rilgan. Sud qaroriga ko‘ra, unga nisbatan uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.