Tadbirkor Ilon Mask tomonidan boshqariladigan AQSh hukumati faoliyati samaradorligini oshirish departamenti (DOGE) jamoasi AQSh federal hukumati tuzilmalarida ma’lumotlarni tahlil qilish uchun uning kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan xAI Grok chat-botidan foydalanishni kengaytirmoqda. Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Grokning bunday qo‘llanilishi manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunlarni buzishi va millionlab AQSh fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Agentlik suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, DOGE vakillari Grok’dan, jumladan, AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi xodimlariga, idorada bunday vositaning rasmiy tasdiqlanmaganiga qaramay foydalanishni tavsiya qilgan.
Agar Grok yordamida haqiqatan ham maxfiy hukumat ma’lumotlari qayta ishlansa, bu Amerika xavfsizlik va maxfiylik qonunchiligining buzilishiga olib kelishi mumkin, deya ogohlantiradi ekspertlar. Bundan tashqari, Mask davlat shartnomalari haqidagi yopiq ma’lumotlarga kirishi, shuningdek, boshqa sun’iy intellekt xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlarga nisbatan raqobatdosh ustunlikka ega bo‘lishi mumkin, deb ta’kidlaydi Reuters.
Avvalroq agentlik DOGE xodimlari o‘z ishida ko‘pincha himoyalanmagan aloqa kanallaridan, jumladan Google Docs va Signal messenjeridan foydalanishini, bu esa davlat siri to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid kelishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.