Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida bo‘lib o‘tayotgan anjuman mamlakatimizdagi Markaziy Osiyo mamlakatlari diplomatik vakolatxonalari, mintaqa davllatlari va Koreya Respublikasi ekspert-tahliliy, ilmiy-akademik doiralari rahbarlari va vakillaridan iborat salmoqli tarkibni jamladi.
Forumni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Eslatib o‘tamiz, Hanguk chet tillar universiteti qoshidagi Koreya xalqaro mintaqaviy tadqiqotlar markazi hamkorlikda uyushtirilgan mazkur ekspertlar forumida Markaziy Osiyodagi hozirgi vaziyat, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqboli, tomonlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar muloqotni kengaytirish yuzasidan atroflicha fikr almashilmoqda.
Tadbirda Koreya tomonidan Xalqaro mintaqaviy tadqiqotlar markazi direktori Kan Jun Yong, “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati ijrochi direktori Li Jong Guk, iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha Koreya Respublikasi Prezidenti kotibi Van Yun Jung, Koreya Respublikasi Prezidenti devonining maxsus ma’ruzachisi Om Narin, Milliy strategiyalar bo‘yicha ilmiy loyihalar agentligi professor-o‘qituvchilari va ekspertlar ishtirok etyapti.