Avstriya va Slovakiyada chorshanba, 5 avgust kuni kuzatuvlar tarixidagi eng issiq kun qayd etildi.
GeoSphere Austria milliy meteorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Quyi Avstriya federal organidagi Bad-Doych-Altenburg kichik shahrida kunduzi havo harorati 41,2 daraja Selsiygacha ko‘tarildi.
Avstriya poytaxti Venada havo harorati seshanba kuniyoq milliy rekordni yangilab, 41 darajaga yetgan edi. Mamlakatdagi anomal issiq va qurg‘oqchilik odamlar hamda tabiatga tobora ko‘proq ta’sir o‘tkazmoqda. Ba’zi aholi punktlari suv tanqisligi bilan kurashayotgan bir paytda, Dunay va boshqa daryolarda suv sathi pasayib ketgani sababli kemalar harakati qisman to‘xtab qoldi. Milliy meteorologiya xizmati, shuningdek, chorshanba kuni nozik aholi qatlamlari uchun «ekstremal issiqlik stressi» haqida ogohlantirdi.
Kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori havo harorati Slovakiyada ham qayd etildi: 41,4°S. Bu haqda Slovakiya gidrometeorologiya instituti o‘z veb-saytida ma’lum qildi.
«Slovakiyaning janubiy qismidagi Kamenise-nad-Gronom aholi punktida joylashgan meteorologiya stansiyasi 41,4°S havo haroratini qayd etdi», — deyiladi xabarda.
Slovakiyadagi avvalgi harorat rekordi joriy yilning 30 iyun kuni aynan Kamenise-nad-Gronomda qayd etilgan edi. O‘sha kuni termometr ko‘rsatkichi 41,3°S gacha ko‘tarilgan edi.
Anomal issiqlik bu yozda nafaqat Slovakiyada, balki Markaziy Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham kuzatilmoqda. Chexiyada, masalan, faoliyat yuritayotgan 170 ta meteostansiyadan 156 tasi 5 avgust kuni uchun yangi harorat rekordlarini qayd etdi. Slovakiya bilan chegaradosh hududlarda termometrlar 41°S ni ko‘rsatdi.