Markaziy bank boshqaruvi payshanba kuni asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishni bir haftaga — 24 oktyabrdan 31 oktyabrga ko‘chirishga qaror qildi, deb xabar qilmoqda regulyator matbuot xizmati.
Markaziy bank xalqaro moliya tashkilotlari O‘zbekistonning jahon va savdo hamkorlari uchun yangilangan prognozlari, shuningdek, mamlakatning III chorakdagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari oktyabr oyining ikkinchi yarmida e’lon qilinishini ta’kidladi.
«Ishlab chiqilayotgan makroiqtisodiy tahlil va prognozlarda ushbu yangilangan ko‘rsatkichlar asos bo‘lishini inobatga olib, Markaziy bank asosiy stavkasini ko‘rib chiqish va pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasini tasdiqlash bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yig‘ilishi 31 oktyabrida o‘tkazilishi belgilandi», — deyiladi xabarda.
O‘tgan oyda Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida qoldirgandi. Regulyatorning qayd etishicha, iqtisodiyotdagi yuqori talab hamda ayrim turdagi oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida kuzatilgan o‘sish sur’atlari pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etgan.