Konstitusiyaning Yangi tahririda davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashishi belgilanmoqda. Bu normaning kiritilishi mamlakatimizda shaxs kamolotiga, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga nechog‘lik katta e’tibor berilayotganini ko‘rsatadi. Zero, bog‘cha – bolaning ijtimoiy moslashuvi, borliq haqida tasavvurlarga ega bo‘lishi va tengdoshlari bilan muloqot qilishida muhim o‘rin kasb etuvchi muassasa, nafaqat ta’lim, balki tarbiya beriladigan maskandir.
Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasasi zimmasidagi asosiy vazifa - bolani maktabgacha sifatli tayyorlashdan iborat. Zero, bu teng huquqli ta’lim olishni kafolatlash yo‘lidagi amaliy qadamdir. Bu yo‘nalishda 2019-2020 yillardan 6 yoshli bolalarni maktabga majburiy tayyorlash bo‘yicha bepul dastur yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlash joiz. Yaqin istiqbolda tayyorgarlik guruhi oliy ma’lumotli tarbiyachilarining maoshini maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashtirilishi mumkin. Bu maktabgacha ta’lim muassasasi pedagoglarining jamiyatdagi obro‘yini oshirishga, ularning o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashishiga xizmat qiladi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27,7 foizdan 62,4 foizga, MTTlar soni 5211 tadan 19316ga yetkazildi. 2022-2023 yillarda maktabgacha ta’lim qamrovi darajasini hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024/2025 o‘quv yili yakuniga qadar esa 100 foizga yetkazish reja qilinmoqda.
O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan davrda bola asosiy vaqtini bog‘chada o‘tkazar ekan. Olimlarning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, inson eng muhim hayotiy bilim va ko‘nikmalarni 5 yoshgacha bo‘lgan davrida egallab bo‘ladi. Shuningdek, 6 yoshgacha shakllangan qaysidir odatlar, u yoki bu voqealarga munosabat inson umrining oxirigacha o‘zgarmasdan saqlanib qoladi. Bu faktlar maktabgacha ta’lim muassasasining inson hayotida qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini va o‘z kelajagi haqida qayg‘urgan davlat bu masalani e’tiborsiz qoldirmasligi kerakligini ko‘rsatadi.
Konstitusiyaning 41-moddasida bolaning bepul umumiy o‘rta ta’lim olish huquqining kafolatlanishi davlat tomonidan nafaqat davlat ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish, balki nodavlat yoki xusususiy ta’lim tashkilotlari yoxud davlat xususiy sheriklik asosidagi ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish uchun sharoit yaratishi, ya’ni muhim qonunchilik hujjatlarini qabul qilish, subsidiyalar yoki imtiyozli kreditlar berishi kabi yo‘llar bilan yordam ko‘rsatishini anglatadi.
Konstitusiyaga kiritilayotgan bu qo‘shimchalar bolalarning maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, umumiy o‘rta ta’limni teng huquqli asosda, majburiy shaklda ta’minlanishi va o‘z-o‘zidan aholi savodxonligining oshishiga ijobiy ta’sir etadi.