Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning 2017 yildan buyon davom etayotgan prezidentligi davrida mamlakat Yevropa iqtisodiyotining eng zaif bo‘g‘inlaridan biriga aylangan. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Fransiyada davlat xarajatlarining ortishi, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishi va davlat qarzining ko‘payishi mamlakat iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirgan.
Bloomberg Makron prezidentligi davrida yuzaga kelgan qator siyosiy va iqtisodiy qarorlarni ham tahlil qilgan. Xususan, 2018 yilda yoqilg‘iga solinadigan soliqni oshirish tashabbusi mamlakat bo‘ylab ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan. «Sariq nimchalar» harakati doirasidagi namoyishlar fonida hukumat aholining kam daromadli qatlamlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy etishga majbur bo‘lgan. Ushbu choralar davlat byudjetiga qo‘shimcha 10 milliard yevro xarajat yuklagan.
Keyinchalik COVID-19 pandemiyasi ham Fransiya davlat moliyasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Mamlakat Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yildan boshlab uch yil davomida pandemiya bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar 190 milliard yevroga yetgan.
Energetika inqirozi davrida esa davlat tomonidan ko‘rilgan choralar bilan bog‘liq xarajatlar 72 milliard yevroni tashkil etgan.
Bloomberg ta’kidlashicha, Makron dastlab iqtisodiy islohotlar orqali Fransiyani Yevropaning iqtisodiy o‘sish markazlaridan biriga aylantirish va mamlakatning xalqaro ta’sirini kuchaytirishni maqsad qilgan.
Biroq davlat xarajatlarining yuqori darajada saqlanib qolishi, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va davlat qarzining ortishi Fransiya iqtisodiyotiga nisbatan xavotirlarni kuchaytirgan.
Agentlikning qayd etishicha, mazkur omillar fonida investorlarning Fransiya aktivlariga bo‘lgan munosabati ham o‘zgarib, mamlakatning yevrozonadagi iqtisodiy mavqei yuzasidan savollar kuchaymoqda.