Bugun 2 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

KXDR ballistik raketasi qit’alararo “sayohat qildi”

KXDR ballistik raketasi qit’alararo “sayohat qildi”

Janubiy Koreya va Yaponiya manbalarida keltirilishicha, Shimoliy Koreya uchirgan oxirgi qit’alararo ballistik raketa 86 daqiqa davomida (bu hozirgacha qayd etilgan eng uzoq davomli parvoz) 1000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, sharqiy qirg‘oq suviga qulagan.

ICBM nomli bu uchoq o‘tkir burchak ostida keskin otilib, 7000 km balandlikka ko‘tarilgan. Bundan kelib chiqadiki, agar raketa tik yo‘naltirilsa, yanada uzoqroq masofani bosib o‘ta oladi.

Navbatdagi muvaffaqiyatli sinov ikki Koreya o‘rtasidagi munosabat o‘ta yomonlashgan, Pxenyan va Seulning bir-biriga nisbatan iddaosi kuchayib borayotgan bir paytda amalga oshirildi.

Koreya Respublikasi bir kun oldin Amerikada 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi arafasida Shimol ICBM raketalaridan o‘q otishga tayyorlanayotganidan ogohlantirgan edi.

Seul mudofaa vazirligi ta’kidlashicha, “sinov uzoqqa va balandroqqa o‘t ochadigan” qurol hozirlashga qaratilgan va bunga javoban KXDRga yangi sanksiya joriy etilishi mumkin.

Qo‘shma Shtatlar ushbu parvozni “BMT Xavfsizlik Kengashining ko‘plab rezolyusiyalarini qo‘pol ravishda buzish” deb atadi.

– Bu amaliyot Shimoliy Koreya noqonuniy ommaviy qirg‘in qurollari va ballistik raketa dasturlarini o‘z xalqi farovonligidan ustun qo‘yishda davom etayotganini ko‘rsatadi, – dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Shon Savett.

Pxenyan oxirgi marta 2023 yil dekabrida BMTning uzoq muddatli va jiddiy sanksiyasiga qaramay, ICBMni qo‘llagan. Raketa 73 daqiqa davomida taxminan 1000 km masofani bosib o‘tgan.

Shimol yetakchisi Kim Chen In davlat ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan, kamdan-kam uchraydigan hisobotda mazkur sinovni “dushmanlarga javob” va “tegishli harbiy harakat” deya ta’rifladi.

– Ishonch bilan aytamanki, KXDR hech qachon o‘z yadroviy kuchlarini takomillashtirishdan to‘xtamaydi, – dedi Kim Chen In.

Shimoliy Koreya ekspertlari fikricha, operasiya raketalarning foydali yukini ko‘paytirishga qaratilgan. Pxenyan “katta va og‘ir kallakli bo‘lsa-da, AQSh materigiga borib tegadigan” raketa ishlab chiqarmoqda, Bu xulosa KXDR tadqiqotlar universiteti dosenti Kim Dong Yupga tegishli.

Shu voqalar asnosida Koreya Respublikasi va Amerika rasmiylari uchrashib, “kuchli va aniq javob choralari ko‘rishga kelishib oldi”, deyiladi janublik harbiylar bayonotida.

So‘nggi raketa sinovi Janubiy Koreya va AQSh Shimoliy Koreya RFni Ukraina bilan urushda qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shin jo‘natganini da’vo qilgandan keyin uyushtirildi.

Pentagon hisob-kitobiga ko‘ra, KXDRning 10 000 ga yaqin askari Rossiya sharqida mashg‘ulot o‘tkazish uchun joylashtirilgan. RFda Shimol qo‘shinlari mavjudligi taxmin qilinayotgani bu ikki mamlakat aloqalari allaqachon chuqurlashganidan dalolat. Pxenyan va Moskva farazni na tasdiqladi, na inkor qildi.

Kiritildi: Bugun 10:58. O'qildi: 1492 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!