Kreml AQSh prezidenti Donald Trampni Rossiya yetakchisi Vladimir Putin haqidagi so‘zlari uchun qattiq tanqid qilishdan qochdi va ularni "emosional ortiqcha yuk" ifodasi deb atadi.
Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Amerika yetakchisining "Putin butunlay aqldan ozgan" va Ukraina shaharlariga keraksiz ravishda ommaviy zarbalar berayotgani haqidagi so‘zlariga izoh berarkan, ma’lum qildi.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Trampning bunday emosional bayonotlari Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokara jarayonining faollashuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. "Biz barcha reaksiyalarni diqqat bilan kuzatib boramiz va shu bilan birga, prezident Putin mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash uchun zarur deb hisoblagan qarorlarni qabul qiladi", — dedi Peskov.
Shuningdek, u Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi paytlarda Rossiya hududiga yirik dron hujumlarini amalga oshirayotganini, unga ko‘ra, Moskva javob berishga majbur ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Putin haqida qattiq gapirib, uning harakatlaridan hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidlagan edi:
"U ko‘p odamlarni o‘ldiradi, Putin bilan nima bo‘lganini bilmayman. Men uni uzoq vaqtdan beri bilaman, doim u bilan til topishaman, lekin u shaharlarga raketalar otib, odamlarni o‘ldiradi, bu menga umuman yoqmaydi", dedi u matbuotga bergan izohida.
Tramp, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish imkoniyatini ko‘tarib chiqdi va keyinroq Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Putin "butunlay aqldan ozgan" va Ukrainani butunlay egallashga intilayotganini aytgan xabarni joylashtirdi. "Men har doim aytganman, u faqat bir qismini emas, butun Ukrainani xohlaydi va ehtimol bu haqiqat bo‘lib chiqadi. Lekin agar u shunday qilsa, bu Rossiyaning qulashiga olib keladi", - deya qo‘shimcha qildi Amerika prezidenti.