Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘plamini joriy etishi mumkinligini ma’lum qildi.
Kreml vakilining fikricha, Bayden jamoasi shu yo‘l bilan 20-yanvar kuni rasman AQSh prezidenti lavozimiga kirishadigan Donald Trampga Rossiya bilan munosabatlarda "og‘ir meros" qoldirmoqchi.
"Biz shuni anglaymizki, (Jo Bayden) ma’muriyati, shubhasiz, Tramp va uning hamkorlariga ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha iloji boricha og‘irroq meros qoldirishga urinadi. Va bu sa’y-harakatlar doirasida, albatta, sanksiyalarning navbatdagi to‘plami kiritilishi ehtimoldan xoli emas," - dedi Peskov matbuot anjumanida.
Reuters ikki ishonchli manbaga tayanib, AQShning amaldagi prezidenti ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi. Bu sanksiyalar bir barrel nefti 60 dollardan yuqori narxda sotilgan neftni tashuvchi tankerlarga qaratilgan.
Dekabr oyida The Washington Post gazetasi AQSh Rossiyaning energetika sektoriga qarshi sanksiyalar joriy etishi mumkinligi haqida ma’lumot bergan edi. Bu sanksiyalar Rossiyaning neft eksport qiluvchi kompaniyalari va yuk kemalariga ta’sir ko‘rsatadi. AQShning ta’kidlashicha, ular Rossiyaning "soya floti"ga kiradi.