Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini takomillashtirish doirasida ularga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash tizimi izchil joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, Yangi O‘zbekiston sharoitida korrupsiyaviy omillarni aniqlash, baholash va bartaraf etish jarayonida tegishli sohalarni raqamlashtirish va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurati vujudga kelgani sababli davlatimiz rahbarining 2022 yil 11 maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qarori” bilan «E-Antikorrupsiya» loyihasi ishga tushirildi.
Mazkur qaror davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan davlat organlari tomonidan o‘z funksiyalarini amalga oshirishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq qabul qilingan.
Qaror ijrosi doirasida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘z faoliyatidagi funksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, bu yil korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashdan o‘tkazish yuzasidan elektron platformaga yuborilgan ma’lumotlar asosida 121 davlat tashkiloti faoliyatidagi 6 ming 123 funksiyada korrupsiyaviy xavflar baholandi.
Korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi «yuqori» va «o‘rta» bo‘lgan 2 ming 219 funksiyada xavf-xatarlarni bartaraf etish yoki minimallashtirish maqsadida tegishli choralar belgilandi.
Qayd etish o‘rinliki, korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” deb topilgan tashkilotlar ichida Sanoat, radiasiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, Atom energiyasi agentligi, Migrasiya agentligi kabi tashkilotlar bor.
Baholash yakunlari bo‘yicha davlat tashkilotlarining Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reestri, Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturlar va Korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati shakllantirildi.
Ta’kidlash lozimki, davlat tashkilotlarining rahbarlari tashkilot zimmasiga yuklangan funksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish uchun shaxsan javobgar sanaladi.
Aytib o‘tish kerakki, korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori funksiyalari ko‘p bo‘lgan tashkilot "eng korrupsiyalashgan", korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan lavozimdagi shaxslar «korrupsioner» yoki aksincha korrupsiyaviy xavf-xatari asosan «past» bo‘lgan tashkilotlar "korrupsiyadan xoli" hisoblanmaydi.
Maqsad bitta – korrupsiya bilan bog‘liq xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish.