Xitoy koronavirus bo‘yicha o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etmoqda. Xitoy tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti koronavirusning laboratoriyada yaratilganligi to‘g‘risida hech qanday dalillar yo‘qligini aytgan.
Payshanba kuni Vazirlikning matbuot kotibi Chjao Lijian koronavirus Xitoyning markaziy Uxan shahridagi laboratoriyada paydo bo‘lganini da’vo qiluvchi ayblovlarga izoh berdi. Chjaoning aytishicha, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining rasmiy vakillari «yangi koronavirus laboratoriyada yaratilganligi to‘g‘risida dalillar yo‘qligini bir necha bor tasdiqlashgan». Virus 2019 yil oxirida aynan Uxanda paydo bo‘lgan edi.
Prezident Donald Tramp esa AQSh koronavirus Uxan shahridagi laboratoriyada ishlab chiqilganini aniqlashga harakat qilayotganini ta’kidlagandi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo ham Xitoyni “o‘zi bilgan ma’lumotlarni oshkor qilishi kerakligini» aytgan.