Xitoy Xalq Respublikasi davlat sog‘liqni saqlash qo‘mitasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-nCov koronavirusi yuqishi oqibatida yuzaga kelgan pnevmoniyadan vafot etganlar soni 304 nafarga yetgan, shuningdek 14 380 kishi virusdan zararlangan. Bir kun ichida yana 2590 kirishi virusni yuqtirib olgani aniqlangan. 2110 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda, 328 kishi tuzalgan.
XXRdan tashqarida yana 100ga yaqin virusdan zararlanish holatlari aniqlangan.
Filippinda yanvar oyida Uxandan rafiqasi bilan kelgan 44 yoshli xitoylik vafot etdi. U virusni Xitoydaligida yuqtirib olgan, o‘zini yomon his qila boshlagach Maniladagi shifoxonaga yotqizilgandi. Uning ahvoli barqaror bo‘lib turgandi, so‘nggi 24 soat ichida esa og‘irlashib vafot etgan. Bu Xitoy hududidan tashqaridagi ilk o‘lim holati bo‘ldi. Mamlakat hukumati Xitoyning Maniladagi elchixonasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Marhumning jasadi katta ehtimol bilan kuydiriladi.
Hozirda u bilan bir reysda kelgan yo‘lovchilar, u bilan muomila qilgan odamlar - mehmonxona xodimlari, taksichilar va boshqalar haqidagi ma’lumotlar to‘planmoqda.
Yangi virusdan zararlanganlar soni allaqachon 2003 yili 25dan ortiq davlatga tarqalgan atipik pnevmoniya (SARS) tufayli yuzaga kelgan epidemiya vaqtida zararlanganlar sonidan ortib ketgan. Ammo o‘lim holatlari nisbatan kam.
Shu bilan birgalikda, Hongkong universitetidagi epidemiologlar virusni yuqtirganlarning asl soni rasmiy statistikadan farq qilishi mumkinligini aytishmoqda. Ularning fikricha, Uxanda 75 mingdan ortiq kishi mazkur virusdan zararlangan bo‘lishi mumkin.
Hongkongdagi shifoxonalar xodimlari besh kunlik ish tashlashdi, ular hukumat Xitoy bilan chegarani vaqtincha yopishini talab qilishmoqda. Hozircha Hongkong hukumati bunday chora qo‘llamadi va JSST tavsiyalariga amal qilmoqda.