AQShda koronavirusdan 40 ming kishi vafot etdi. Bu dunyodagi koronavirus o‘limlarining qariyb choragi demakdir.
Nega bunday bo‘lyapti? Nega dunyoning eng rivojlangan davlati koronavirus oldida tiz cho‘kdi? Buning bir necha sabablarini ko‘ryapman.
Birinchidan, davlat tepasida g‘irt ahmoq o‘tiribdi. Donald Tramp — ahmoq. Qarang-da, u bir necha bor koronavirus oddiy virus ekani, havo issiq bo‘lganda yo‘q bo‘lib ketishi, bu virus Demokratlar tomonidan o‘ylab topilgan yolg‘on ekanini ta’kidladi.
Haligacha har kuni Tvitterda kuniga 30 talab tvit yozadi bu prezident deganlari. Unda Xitoy, demokratlar, CNN, Nyu-York Taymslarni ayblaydi. O‘zi esa hammasini qoyil qilgani, unga butun dunyo lol qolganini ta’kidlaydi. Menga ishonmayapsizmi? Tvitterga kiring. Qusvormasangiz bas, men ogohlantirdim.
Bundan tashqari, shtatlar gubernatorlari, ayniqsa, respublikachi gubernatorlar Trampning ketidan yurib, karantin e’lon qilgani yo‘q.
AQShda Fox News degan telekanal bor. Unda o‘zini konservator degan yolg‘onchilar tunu-kun sayraydi. AQShning o‘z Kiselyov va Solovyevi bor. Ana o‘shanaqa ko‘rsatuvlarda kanal tarqatayotgan yolg‘onlarga mos gapiruvchi odamlardan intervyu olinadi. Doktor Oz nomi bilan tanilgan odam kuni kecha Fox News'da chiqib, maktablarni ochish kerakligi, kasaldan «bor-yo‘g‘i 2—3 foiz» bola o‘lishini ta’kidlagan.
Qarang, AQShda taxminan 50 million maktab yoshidagi bola bor. Shulardan 2 foizi o‘lsa, bu 1 million bolakay degan. 1 million bolani qurbon qilib yuborishga tayyor bu ahmoqlar. Bu butun mamlakatga tarqatiladigan telekanalda aytilayotgan gap!
Har kuni televizorda prezident, butun boshli telekanallar mana shunaqa vaysayversa, odamlar virusga ishonmaydi, ko‘chada bemalol yuraveradi-da.
Ikkinchidan, AQShda 30 million nafar fuqaroda tibbiyot sug‘urtasi yo‘q. Bu degani, odam kasal bo‘lib qolsa, masalan, gripp bo‘lsa, shifokorga va dorilarga katta pul to‘lashi kerak. Tish doktorini-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Shu sababli ko‘p odamda xronik kasallar borki, ular koronavirus tufayli qo‘zg‘aydi va o‘lim ehtimolini oshiradi.
Uchinchidan, AQShda pullik mehnat ta’tili yoki «bolnichniy» ham yo‘q. Ba’zi ish beruvchilar pul to‘lanadigan «otpusk» beradi, juda ko‘pi yo‘q.
Shuning uchun simptomi bo‘lgan taqdirda ham xodimlar ishga chiqavergan va bu kasallikning tez tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Bu men ko‘rgan, men bilgan sabablaring bir qismi, xolos. Pandemiyaning AQShga ta’siri, unda shaxsan Donald Trampning aybi tarixshunoslar tomonidan ko‘p o‘rganiladi.
Farhod Fayzullayev,
Kanada