O‘tgan oy Muan xalqaro aeroportida qulagan Jeju Air samolyotining qora qutilari halokatdan to‘rt daqiqa oldin ma’lumotlarni yozib olishni to‘xtatdi. Bu haqda shanba kuni Janubiy Koreya rasmiylari ma’lum qildi, deb yozadi Yonhap.
AQSh Milliy Transport xavfsizligi kengashi (NTSB) tomonidan parvoz yozuvchisi (FDR) va kokpit ovoz yozish moslamasi (CVR) tahlili shuni ko‘rsatdiki, har ikkala qurilma ham yozishni taxminan soat 8:59 da — samolyot lokalizator bilan to‘qnashuvidan to‘rt daqiqa oldin to‘xtatgan. Portlash 29 dekabr kuni ertalab soat 9:03 da samolyot qo‘nish moslamasi tushirilgan holda lokalizator uskunasi joylashgan beton konstruksiyaga qulaganida sodir bo‘lgan.
"Tergov turli ma’lumotlar manbalarini tahlil qilishni o‘z ichiga oladi, jumladan, havo harakatini boshqarish yozuvlari, halokatning video tasvirlari va voqea joyidan qoldiqlar", - deydi tergovchilar.
Ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish uchun qora quti komponentlari Vashingtondagi NTSBga yuborildi. NTSBgatayinlangan janubiy koreyalik tergovchilar tergovni davom ettirish uchun kelasi hafta uylariga qaytishlari kutilmoqda.
29 dekabr kuni Jeju Air samolyoti halokatga uchraganida 179 kishi halok bo‘lgan. Samolyot orqasida bo‘lgan faqat ikkita styuardessa tirik qolgan. Transport departamenti vakili halokatdan oldin qushlar urilishi bo‘lganini tasdiqladi.