Kongo Demokratik Respublikasida 10—22 yanvar kunlari Ebola epidemiyasiga o‘xshash alomatlari bo‘lgan kasallikdan sakkiz kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi TASS axborot agentligi.
Ebola epidemiyasi Kongoning shimoli-g‘arbiy qismida qayta paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Actualite yangiliklar portali Qizil Xoch qo‘mitasining Ekvator provinsiyasi rahbari Kolomba Mampuyaga tayanib xabar berdi.
10-22 yanvar kunlari provinsiyada sakkiz kishi Ebola kasalligiga o‘xshash kasallikdan vafot etgan. Kasallanganlarning umumiy soni 12 nafarni tashkil etadi. Marhumlardan olingan namunalar laboratoriyaga yuborilgan.
— Faqat laboratoriya natijalari mintaqa hukumatiga Ebola virusi qaytadan paydo bo‘lgan yoki yo‘qligini rasman e’lon qilish imkonini beradi, - dedi Mampuya.
Ebola virusining eng so‘nggi paydo bo‘lishi 2022 yilning aprel-iyul oylari orasida Ekvator provinsiyasida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda yuqtirgan besh kishining barchasi vafot etgan.