BMTning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda dunyo bo‘ylab 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan 316 millionga yaqin kishi muntazam ravishda narkotik moddalar iste’mol qilgan. Bu — yer shari aholisining taxminan 6 foizini tashkil etadi.
Ma’lum qilinishicha, narkotik moddalardan foydalanuvchilar soni so‘nggi o‘n yilda izchil o‘sib bormoqda. 2013 yilda yer yuzi aholisining 5,2 foizi narkotik iste’mol qilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 6 foizga (316 million kishi) yetgan.
Qayd etilishicha, mazkur raqamlar 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan aholini qamrab olgan.
Kokain ishlab chiqarish hajmi ham tarixiy rekordni yangiladi — 3708 tonna. Bu 2022 yilga nisbatan 30 foizga ko‘p. Bu o‘sish, asosan, Kolumbiyada kokain xomashyosi sifatida ishlatiladigan butalarni ekish maydonlarining kengaygani va ularning hosildorligi 50 foizga oshgani bilan izohlanmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, kokainning asosiy bozorlari — Shimoliy Amerika, G‘arbiy va Markaziy Yevropa, hamda Janubiy Amerika hisoblanadi. Mazkur mintaqalarda narkotik moddalarga bo‘lgan talab barqaror yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Mutasaddilar bu global muammo bilan kurashish uchun xalqaro darajada hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlashmoqda. BMT ushbu muammoni bartaraf etishda ta’lim, tibbiyot va huquqni muhofaza qilish sohalaridagi islohotlarni muhim deb hisoblaydi.