Bugun 29 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Kiyimdagi isrof haqida

A A A
Kiyimdagi isrof haqida

Islom insonni mukarram qilish bo‘yicha ko‘rgan choralar ichida libos masalasi ham bor. Bu masalada insonning kiyinish madaniyatiga rioya qilishi o‘zi uchun obro‘ va martaba ekani, go‘zallik va ziynat ekani bir nechta kitoblarimizda zikr qilingan.

Alloh taolo "A’rof" surasida marhamat qiladi:

“Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o‘sha yaxshidir. Ana o‘shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki eslasalar” (26-oyat).

Insonni hayvondan ajratib turadigan alomatlardan biri libosdir. Odamning avrati – aybini berkitib turishi uchun Alloh taolo unga libos ato qilgan. Libosning zaruri avratni pinhon tutadigani hisoblanadi. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa a’zolarini ham to‘sish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Xuddi shuningdek, libosni o‘z o‘rnida, ya’ni shariatga muvofiq kiygan inson ziynatli hisoblanadi.

Yuqorida aytganimizdek, Alloh taolo kiyim-boshni insonga avratini to‘ssin, o‘zini tuzatsin, deb bergan. Ammo barcha sohada haddida turmagan inson bu o‘rinda ham turli buzuqliklarga yo‘l qo‘ydi. Ba’zilari kiyim-boshni faxr va g‘urur vositasi, ikkinchilari uni hayotdagi asosiy maqsad qilib oldi. Qadr-qiymatni ham kiyim-bosh bilan o‘lchay boshladi. Uchinchilari kiyimni tor va yupqa kiyib, undan ko‘zlangan asosiy maqsadni suiiste’mol qilishga kirishdi. Xususan, tarbiyasiz ayollar libosni aynan avratni bo‘rttirib ko‘rsatish uchungina kiydilar. Bu esa yuksak insoniy sharafni yerga uradigan holatdir.

Shuning uchun ham Islom bu ishlarda o‘z ta’limotlarini joriy qildi.

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

“Englar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar, isrof va mutakabbirlik bo‘lmasa bas”, dedilar”.

Ushbu hadisi sharif inson hayotida har kuni, har doim takrorlanib turadigan holatlardagi umumiy islomiy qoidani bayon qilmoqda.

Boshqa dinlar, tuzumlar va xalqlarning bu boradagi tasarruflariga qaraydigan bo‘lsak, Islomdagi kabi mo‘’tadillikni ko‘rmaymiz. Ular yoki u tarafga, yoki bu tarafga og‘ib ketgan bo‘ladilar.

Ularning ba’zilari yeb-ichish, kiyish va sadaqa ishlarida tarki dunyo yo‘lini tutib, imkoni bor narsani qilmasdan, o‘zini o‘zi qiynaydi. Albatta, hozirda bu toifadagilar oz.

Ba’zilar esa hayotni yeb-ichish, kiyinishu o‘yin-kulgidan iborat, deb xayol qiladi. Butun imkoniyatlarini mazkur narsalarga sarflaydi. Yeb-ichishda ham, kiyinishda ham, sadaqa qilishda ham doimiy va chegarasiz ravishda isrofga yo‘l qo‘yadilar. Eng yomoni, bu masalada dunyoqarashlari noto‘g‘ri bo‘lgani sababli yeydigan taomlari, ichadigan ichimliklari, kiyadigan kiyimlari va qiladigan sadaqalari ila manmanlik, mutakabbirlik qiladilar. Hozirda xuddi shu toifa ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ming afsuslar bo‘lsinkim, ba’zi musulmonlik da’vosini qilib yurganlar ham Islom ta’limotlaridan uzoqlashish, ularga amal qilmaslik oqibatida bu masalada xatoga yo‘l qo‘yadilar. Oqibatda turli-tuman muammolar kelib chiqadi.

Ushbu hadisi sharifni yaxshi o‘zlashtirib olib, hayotimizga tatbiq qilsak, o‘sha muammolardan forig‘ bo‘lishimiz turgan gap. Alloh taolo ato qilgan ne’matlardan me’yorida foydalanib, isrofga va kibrga yo‘l qo‘ymasak, ikki dunyo saodatiga erishishimiz turgan gap.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi:

“Modomiki, senda ikki narsa: isrof va manmanlik bo‘lmasa, xohlaganingni ye, xohlaganingni kiy”.

Ikkisini Buxoriy rivoyat qilgan.

Mashhur sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning bu hikmatli gaplari Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning ta’limotlarini u zotdan eshitgan kishining o‘z iboralari bilan aytishi, desak xato bo‘lmas. Yana shuni ta’kidlashimiz lozimki, ushbu rivoyatlarda Alloh halol qilgan, halol-pok yo‘l bilan topilgan ne’matlar haqida so‘z ketmoqda.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

“Osiltirish izorda, ko‘ylakda va salladadir. Kim o‘sha narsalardan birortasini manmanlik ila osiltirib yursa, Alloh qiyomat kuni unga nazar solmas”, dedilar”.

Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Biz “osiltirish” deb tarjima qilgan so‘z arab tilida “isbol” deyiladi va kiyim-boshga tegishli gaplarda kibr va maqtanchoqlik uchun mazkur kiyimlarni keragidan ortiq uzaytirib olishni anglatadi.

Izor – kishining belidan pastiga tutiladigan lungi sifat kiyimdir.

Albatta, insonning belidan pastini to‘sish uchun kiyiladigan boshqa nomdagi liboslar ham shu ma’noga qo‘shiladi.

Ko‘ylak arab tilida qomiys deyilib, o‘zlarining odatlaridagi ko‘ylakni anglatsa-da, unga o‘xshash boshqa kiyimlarni ham o‘z ichiga oladi. Ko‘ylakni osiltirishga uning yengini keragidan ortiq ravishda manmanlik uchun uzaytirib olish ham kiradi.

Salla – ma’lum bosh kiyimi. Uni shariatga nomuvofiq osiltirish bir uchini kibr ila haddan tashqari uzun tashlab yurishdir.

Imom Bayhaqiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ikki shuhratdan nahyi qildilar.

“Ey Allohning Rasuli! Ikki shuhrat nima?” deyildi.

“Kiyimning yupqaligi yoki qalinligi, yumshoqligi va qattiqligi, uzunligi va qisqaligi. Bas, o‘shaning o‘rtachasi va tejamlisi bo‘lsin”, dedilar.

Abulfaraj quyidagilarni aytadi:

“Salafi solihlar o‘rtacha kiyim kiyar edilar. Juda yuqorisini ham emas, juda pastini ham emas. Kiyimning yaxshisini juma, ikki ’iyd va birodarlar bilan uchrashuvga ixtiyor qilar edilar. Ularning odati bo‘yicha yaxshi kiyim tanlash qabih emas edi”.

Yuqorida aytganimizdek, Alloh taolo kiyim-boshni insonga avratini to‘ssin, o‘zini tuzatsin, deb bergan. Ammo boshqa sohalarda haddida turmagan odam bu o‘rinda ham turli buzuqliklarga yo‘l qo‘ydi. Ba’zilari kiyim-boshni faxr va g‘urur vositasi, ikkinchilari uni hayotdagi asosiy maqsad qilib oldi. Qadr-qiymatni ham kiyim-bosh bilan o‘lchay boshlashdi. Uchinchilari kiyimni tor va yupqa kiyib, undan ko‘zlangan asosiy maqsadni suiiste’mol qilishga kirishdi. Xususan, tarbiyasiz ayollar libosni ayni avratni bo‘rttirib ko‘rsatish uchungina kiydilar. Bu hol yuksak insoniy sharafni yerga uradi. Shuning uchun ham Islom bu ishlarda o‘z ta’limotlarini joriy qildi.

Abu Homid G‘azzoliy “Qalb ajoyibotlari” nomli kitobida ko‘rkam va qimmatbaho kiyimlarga o‘chlik shaytonning inson qalbini zabt etish uchun kiradigan eshiklaridan biri ekani haqida yozgan. Darhaqiqat, shayton insonni umr bo‘yi oliy nav va faxrli kiyimlar bilan ziynatlanishga chorlab, shu yo‘l bilan ham o‘ziga bo‘ysundirishga, nafsining quliga aylantirishga harakat qiladi.

Shayx Sha’biy aytadi: “Ahmoq ustingdan kulmaydigan va faqihlar (shariat bilimdonlari) ayblamaydigan kiyimni kiy”.

Muhammad ibn Sirin: “Shuhrat oldin kiyimni uzun kiyishda edi, so‘ng uni yangilashga o‘tdi”, degan.

Umar ibn Xattob: “Kiyimning dag‘al va eskirganini kiyinglar”, deganlar. Bu zot masjid minbarida xutba o‘qiyotganlarida ustilarida yettita yamoq solingan ko‘ylak bor edi.

Alisher Navoiy “Mahbubul-qulub” asarida bunday yozgan: “Erkaklarning o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun yasanishi xotinlarning oroyish uchun bezanishlari kabidir. Ammo bu kabi bezanmoq har ikkalasi uchun ham nomunosib, xususan, erkaklar uchun ko‘proq sharmandalikdir”.

Odobimizda ayollarning kiyinishiga katta e’tibor bilan qaralgan. Ularning yuzi, ikki qo‘l kaftidan boshqa hamma joyi uyatli (avrat) bo‘lgani uchun u begona nazarlardan yashirilishi va kiyinish ham shunga munosib bo‘lishi lozim. Hozirgi paytda ayrim qiz-juvonlar o‘rtasida urf bo‘lganidek, yengi va etagi kalta, ko‘ksi ochiq kiyimlar, gavda va a’zolarini “ko‘z-ko‘z” qilib turuvchi tor va yupqa-harir ko‘ylaklar, eng achinarlisi, ko‘krak, kindik va boldirlarini ochib, hammaga namoyish qilib yurishlar odobimizga mutlaqo ziddir.

Amerikalik teri kasalliklari mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotlar natijasida g‘arblik ayollar yosh bo‘laturib husn va jozibalarini tez yo‘qotayotganlari, barvaqt ajin tushishi va uning tez ko‘payishi, aksincha, muslima ayollarning yetmish-sakson yoshda ham yuzlari chiroyli, ajinsiz va nurli holda saqlanishi, ularda g‘arb ayollarida ko‘p uchraydigan teri saratoni (raki) xastaligi deyarli kuzatilmayotgani ayon bo‘ldi.

Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, kiyinish borasida ham musulmon inson avvalo halol-haromga e’tibor berishi lozim bo‘ladi. Uning kiyadigan kiyimi halol kasb bilan topilgan bo‘lishi va uni kiyish shar’an harom bo‘lmasligi kerak.

Musulmon erkak va ayollar kiyimning mo‘’tadilini tanlashadi. Juda oshirib ham yuborishmaydi va juda xarob holga ham tushishmaydi.

Ammo ming afsuslar bo‘lsinkim, diniy ma’rifatimizning yetishmasligi, o‘zgalarga taqlid qilishimiz va boshqa bir qancha sabablarga ko‘ra, kiyim borasida ham isrofgarchilikka yo‘l qo‘yamiz. Bus-butun, hali kiyishga yaroqli kiyimlarimizni, poyabzallarimizni “urfdan qoldi” degan sabablar bilan chiqarib tashlaymiz. Keragidan ortiqcha kiyimlarni ko‘paytiramiz. Kiyim uchun haddan tashqari ko‘p miqdorda xarajat qilamiz.

Ayollarimiz har bir to‘yga, marosimga va munosabatga alohida yangi kiyim kiyishga jon-jahdlari bilan harakat qiladilar. Insonning hurmatini kiyimiga qarab o‘rniga qo‘yish kerak, degan tushunchada yuradilar.

Kiyim borasidagi ushbu va boshqa isroflarimiz va nuqsonlarimizga barham berishimiz lozim.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 05:06 26.09.2018. O'qildi: 6403 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik