Yuqoridagi savolning javobini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bugungi kundagi kitobxonlikka targ‘ibot har qachongidan kuchli, juda kuchli. Hamma targ‘ib qilyapti, prezident, vazirlar, kattayu kichik rahbarlar, ziyolilar, tadbirkorlar va hatto blogerlar, qo‘yingki gapirishni va tafakkur qilishni biladigan barcha kitob o‘qing deyapti. Lekin ko‘pchilik aynan qanday kitob o‘qishni aytmayapti. Aytganlarini esa o‘ylab ko‘rish kerak.
Yaqinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan birining kitob o‘qishga targ‘ib qilingan postini o‘qib qoldim. G‘oya yaxshi, lekin sovg‘asi odamni o‘ylantirib qo‘ydi, ateizmga asoslangan dunyoqarashni targ‘ib qiluvchi kitoblar... ha, ha, adashmadingiz, aynan shunday. Balki buni bilish kerak, dersiz, ammo bunday kitobni yutib olgan odamning e’tiqodi mustahkamligini hech kim tekshirib ko‘rmaydi va natijada yana bitta xudosiz paydo bo‘lishi mumkin.
«Vijdon erkinligi» degani, istagan insoningni xudosizga aylantirishing mumkin, degani emas. Mulohaza qilib ko‘ring, agar siz tanlov tashkil etsangiz va g‘olibga arab tilida yozilgan, bizning diyorlarda tarqalmagan mazhabga da’vat etuvchi (yoki o‘sha mazhab g‘oyalari bilan sug‘orilgan) kitob sovg‘a qilsangiz, natijasi ma’lum-a? Ha, ma’lum, sizni «yaxshilab tekshirib ko‘rishadi». U holatda nega endi ming yillardan beri Islom aqidasida umr guzaronlik qilgan xalqimizga ateizm kabi yot g‘oyalarni tiqishtirayotganlarga nisbatan bag‘rikengmiz? Davlat ham, jamiyat ham? Nega ateizmning zararlari haqida ko‘rsatuvlar, eshittirishlar tayyorlamaymiz? Nega turli tashkilotlarga (maktab, kollej, tug‘ruqxonalar va b.) borib davra suhbatlari tashkil etmaymiz? Qaytarish bo‘lsa ham aytaman – axir ateizm biz uchun yot g‘oyaku? O‘ylaymanki bunga hech kim isbot so‘ramasa kerak.
Savolga qaytamiz, qanday kitoblarni o‘qishga targ‘ib qilishimiz kerak? Bunday kitoblarning reestri bormi? Yoki O‘zbekistonda chop qilingan yoxud Islom dini haqida bo‘lmagan barcha kitoblar o‘qishga «loyiqmi»? Masala ochiq. Bitta kichkina maqola bilan javob topib bo‘lmaydi.
Izohlarda ushbu masala bo‘yicha fikr-mulohazalaringiz bo‘lsa bildiring, faol bo‘ling, 70 yil qandaydir g‘oyalar bilan aldangan xalqimizni yangi yot g‘oyalar girdobida qoldirmaylik.
Barchaga hurmat bilan,
Sodiq Jamol
Manba: azon.uz