Jorjiya shtati Saylov komissiyasi Ilon Maskni prezidentlik saylovlarida saylovchilarga qisman to‘ldirilgan masofaviy ovoz berish arizalarini jo‘natishda aybladi.
The New Republic xabariga ko‘ra, 2024 yilda Ilon Mask va bir nechta tadbirkorlar yordamida tashkil etilgan America PAC nomli siyosiy harakat qo‘mitasi AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampning saylov kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida saylov jarayonlariga ta’sir o‘tkazganlikda ayblanmoqda.
Komissiyaning bir nechta tumanlardagi saylovchilardan olgan shikoyatlari ortidan 2024 yil oktyabr oyida tekshiruv boshlangan. Shikoyatchilar America PAC'dan pochta orqali qisman to‘ldirilgan masofaviy ovoz berish arizalarini olganini bildirishgan.
Shtat qonunchiligiga muvofiq, bunday arizalarni faqat yaqin qarindoshlardan boshqa hech kim yubora olmaydi. Natijada, 2026 yil 18 fevral kuni, saylov komissiyasi a’zolari America PAC'ga rasmiy ogohlantirish berish bo‘yicha ovoz berishdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Jorjiya “hal qiluvchi” yettita shtatdan biri hisoblanib, u yerdagi ovoz natijalari alohida ahamiyatga ega bo‘lgan.