Olimlar xalqaro guruhi qushlar va sut emizuvchi hayvonlar organizmida har biri pandemiya ko‘lamini olishi mumkin bo‘lgan 850 mingtagacha virus borligini aniqlashdi.
Bu boradagi ma’ruza biologiya, ekologiya va virusologiya sohalarida faoliyat yurituvchi 22 ekspert tomonidan tuzilgan hamda Bioturfalik va ekotizim xizmatlari bo‘yicha hukumatlararo ilmiy-siyosiy platformada (IPBES) taqdim etilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ko‘rshapalaklar, kemiruvchilar va maymunsimonlar odamlarga yuqishi mumkin bo‘lgan 540 mingtadan 850 mingtagacha virusga ega bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda har yil pandemiya ko‘lamini olishi mumkin bo‘lgan 5 ta yangi kasallik paydo bo‘lishi xavfi bor.
Olimlarning ta’kidlashicha, yovvoyi tabiatni bu kasalliklarning paydo bo‘lishida ayblash noto‘g‘ri bo‘ladi. Ularning fikricha, pandemiyalar, jumladan, koronavirus pandemiyasi inson faoliyati va odamlarning atrof-muhitga ta’siri oqibatida yuzaga keladi.
“Inson faoliyatining iqlim o‘zgarishi va bioturfalikning yo‘qolishiga olib keluvchi turlari atrof-muhitga ta’siri sababli pandemiya xavfini yuzaga keltiradi”, – deyilgan ma’ruzada.