Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Jizzaxda Matiz’dagi yong‘inda qolib ketgan uch bolaning biri vafot etdi

Jizzaxda Matiz’dagi yong‘inda qolib ketgan uch bolaning biri vafot etdi

Jizzaxda Matiz ichida qarovsiz qoldirilgan 1-3 yosh oralig‘idagi uch nafar bola turli darajadagi kuyish jarohatlarini olgani haqida xabar berilgandi. YHXBBning axborot xizmati ma’lum qilishicha, bolalarning biri vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, Sharof Rashidov tumani «Yakkaqayrog‘och» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 28 yoshli fuqaro akasining bir nafar va o‘zining ikki nafar farzandini Matiz avtomobili ichida qarovsiz qoldirib, uyiga kirib ketgan. Bu vaqt esa avtomobil ichida yong‘in yuzaga kelgan.

Yong‘in oqibatida 2 yoshli SH.SH.ning tanasi 100 foiz 2 va 3-darajali termik kuygan.

Shuningdek, 2017 yilda tug‘ilgan M.SH. tanasining 60 foizi 1, 2 va 3-darajali, bundan tashqari, bolaning yuqori nafas yo‘llari 2-darajali kuygan. 2019 yilda tug‘ilgan SH.M.ga esa yuz, ikki qo‘lning 2, 3-«a» va «b» darajali, yuqori nafas yo‘llarining 14-16 foizli kuyish tashxisi qo‘yilgan. Jabrlanuvchilar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi.

RSHTTYIM Jizzax filialining shifokori bilan bog‘lanilganda 3 bolaning biri vafot etganini ma’lum qilindi.

«2018 yilda tug‘ilgan bola o‘ta og‘ir 100 foiz kuygan. Unda hech qanday ‘shans’ yo‘q edi. Hamma narsa qilindi, qon quyildi. Lekin muolajalarga qaramasdan ertalab soat 08:30 da vafot etdi», – deydi shifokor Dilbar Jo‘lbekova.

Shifokor qolgan ikki bolaning ahvoli haqida xabar berar ekan, 2019 yil tug‘ilgan bolaning yuz sohasi va ikkala qo‘li kuyganini ma’lum qilgan. Bolaning kuyish darajasi 14-16 foiz bo‘lgan. U is gazidan zaharlangani va yuqori nafas yo‘llar kuygani sababli reanimasiya bo‘limiga yotqizilgan.

 

Dilbar Jo‘lbekovaning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilda tug‘ilgan bolaning ahvoli o‘ta og‘ir holatda. Asosan chuqur darajada kuygan. Yuqori nafas yo‘llari kuygan va is gazidan zaharlangan.

Hozirda dastlabki tergov-surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

Kiritildi: 14:41 21.09.2020. O'qildi: 2362 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!