Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Jinoyat prosessida yarashuv instituti yanada takomillashtiriladi

Jinoyat prosessida yarashuv instituti yanada takomillashtiriladi

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida, bir qator Prezident Farmonlari va Qonunlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Barchamizga ma’lumki, 2001 yil 29 avgustda qabul qilingan “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yarashuv instituti amaliyotga joriy etildi.

Aytish kerakki, ushbu institut jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning bir turi bo‘lib, shaxsning aybdorlik masalasini hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asos bo‘ladi.

O‘tgan davr mobaynida mazkur institut jabrlanuvchining huquqlarini ishonchli himoya qilish, sudlanganlik holatini kamaytirish, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutining kengroq qo‘llanishiga imkon yaratdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi JPKning 583-moddasida yarashuv to‘g‘risidagi ariza jabrlanuvchi (fuqaroviy da’vogar) yoxud uning qonuniy vakili tomonidan surishtiruv va dastlabki tergovning, shuningdek sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishdan oldin berilishi mumkinligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Biroq, amaliyotda birinchi bosqich sudi JKning 661-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlar toifasiga kiritilgan ishlarni ko‘rish jarayonida taraflardan yarashuv haqidagi ariza kelib tushmagan taqdirda ish yuzasidan ayblov hukmi chiqarilgandan so‘ng, taraflardan yarashuv haqidagi arizalar kelib tushishi hollari ko‘plab uchramoqda.

Bundan tashqari, Qonunchiligimizda sud ishni ko‘rib chiqib, aybdorning harakatlarini yarashuv instituti doirasiga tushadigan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasiga o‘zgartirgan hollarda unga nisbatan JKning 661-moddasini qo‘llash imkoniyati mavjud emas edi.

Muhtaram Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan Farmoniga muvofiq, shaxsga e’lon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida ko‘rilayotganligidan qat’iy nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga o‘zgartirilgan hollarda yarashuv institutini qo‘llash tartibini joriy qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartish kiritish taklifiga rozilik berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 661-moddasida og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinmasligi belgilangan.

Biroq, amaliyotda og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar ushbu moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarni ehtiyotsizlik natijasida sodir qilgan va aybiga iqror bo‘lib, jabrlanuvchi bilan yarashib, yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan taqdirda ham jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan Farmonda og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilmasligiga oid qoida voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar va ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmasligi haqidagi tartib o‘rnatiladi.

Xulosa qilib aytganda, jinoyat qonunchiligiga yarashuv instituti xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimlilik kabi oliyjanob qadriyatlarning amaliy ifodasi bo‘lib, ushbu institutni yanada takomillashtirib borish ayni muddaodir.

Nozimjon Jurayev

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro tuman sudi raisi

 

 

Kiritildi: 22:38 14.08.2020. O'qildi: 5343 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!