Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Jinlarning odamlar jismiga ta’siri bormi?

Jinlarning odamlar jismiga ta’siri bormi?

Ba’zi yomon jinlarning odamlarga ta’siri bo‘lishi mumkin, deyishadi ulamolarimiz. Bunda ko‘proq odamning o‘zi aybdor bo‘ladi. Jinlar odamlardan o‘zlariga ishonganlariga, vasvasaga uchganlariga, xayolida turli salbiy holatlarni o‘ylab yurganlariga, jinlardan yordam so‘raganlariga, Alloh taoloning zikridan va Qur’oni Karim tilovatidan g‘ofil bo‘lganlariga, jinlardan saqlanish uchun o‘qilishi lozim bo‘lgan duolarni o‘qimay yurganlariga tegishi mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarga jinlardan saqlanish yo‘llarini o‘rgatganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Ramazon zakotini qo‘riqlashga vakil qildilar. Birov kelib, yegulikdan hovuchlab ola boshladi. Men uni tutib oldim-da, «Allohga qasamki, seni albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman», dedim. U: «Men hojatmandman, bola-chaqam bor. Qattiq muhtojligim bor», dedi. Men uni qo‘yib yubordim.

Tong otdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Ey Abu Hurayra, bu kecha asiring nima qildi?» – dedilar.

«Ey Allohning Rasuli, qattiq muhtojligi va bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo‘yib yubordim», dedim. U zot:

«Bilib qo‘y, u seni aldabdi. Hali yana keladi», dedilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Hali yana keladi» degan so‘zlaridan uning qaytib kelishini bilib, uni poyladim. Kelib, yegulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni tutib oldim. «Seni albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman», dedim. U: «Meni qo‘yib yubor, chunki men muhtojman, bola-chaqam bor. Endi qaytib kelmayman», dedi. Unga rahmim kelib, qo‘yib yubordim.

Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:

«Ey Abu Hurayra, asiring nima qildi?» dedilar. Men:

«Ey Allohning Rasuli, qattiq muhtojligi va bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo‘yib yubordim», dedim. U zot:

«Bilib qo‘y, u seni aldabdi. Hali yana keladi», – dedilar. Uni uchinchi marta poyladim. Kelib, yegulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni tutib oldim. «Seni albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman. Sen «Qaytib kelmayman», – deb, uchinchi marta qaytib kelyapsan», dedim. U:

«Meni qo‘yib yubor, Alloh senga manfaat beradigan kalimalarni o‘rgataman», dedi. «Nima u?» – dedim. U: «Qachon to‘shagingga kirsang, Oyatul-Kursiy «Allohu laa ilaha illa huval-hayyul-qoyyum»ni boshidan boshlab tugatguningcha o‘qi. Shunda tong ottirguningcha Alloh tomonidan ustingda bir qo‘riqchi bo‘ladi va shayton senga yaqinlasha olmaydi», – dedi. Uni qo‘yib yubordim.

Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:

«Bu kecha asiring nima qildi?» dedilar. Men:

«Ey Allohning Rasuli, Alloh menga manfaat beradigan kalimalarni o‘rgatishini aytgan edi, qo‘yib yubordim», dedim. U zot:

«Ular nima ekan?» dedilar.

«U menga: «Qachon to‘shagingga kirsang, Oyatul-Kursiy – «Allohu laa ilaha illa huval-hayyul-qoyyum»ni boshidan boshlab tugatguningcha o‘qi», dedi va menga: «Tong ottirguningcha Alloh tomonidan ustingda bir qo‘riqchi bo‘ladi va shayton senga yaqinlasha olmaydi», deb aytdi», dedim». Ular (sahobalar) yaxshilikka eng o‘ch kishilar edi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Bilib qo‘y, o‘zi g‘irt yolg‘onchi bo‘lsa ham, senga rost aytibdi. Uch kechadan beri kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi, ey Abu Hurayra?» dedilar.

«Yo‘q», dedim. U zot:

«U shayton edi», dedilar».

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan Falaq va An-Nas suralarini o‘qib, dam solib yurish haqida ko‘plab rivoyatlar vorid bo‘lgan. An-Nas surasining o‘zida jinlarning yomonligidan panoh so‘rash ochiq-oydin aytilgan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam xaloga kirsalar, «Allohumma a’uzu bika minal xubusi val xobaisi» (Allohim, Sendan erkagu urg‘ochi ifloslar­(shaytonlar)dan panoh tilayman), der edilar».

Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy rivoyat qilishgan.

Ushbu duoni xalo ochiq joyda bo‘lsa, qazoi hojatga tayyorlanayotgan vaqtda, maxsus joyda bo‘lsa, unga kirishdan oldin o‘qish kerak. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu duoni doimo o‘qir edilar.

Erkak va urg‘ochi shaytonlardan panoh tilashning hikmati shuki, odatda xalo joyida Allohning nomi zikr etilmagani uchun erkak-urg‘ochi shaytonlar u joyni o‘ziga qarorgoh qilib olgan bo‘ladi. Allohdan panoh so‘ramay kirgan odamga zarar yetkazishlari mumkin. Shuning uchun ushbu hadisdagi duoni yodlab olib, xaloga kirishdan oldin o‘qishni odatga aylantirish har bir kishi uchun zarurdir.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 14:45 02.12.2019. O'qildi: 3784 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!