Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Jahon savdo tashkiloti (JST) ga a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

Jahon savdo tashkiloti (JST) ga a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi asosiy makroiqtisodiy muvozanatga qanday ta’sir ko‘rsatishini baholadi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi uzoq davom etayotgan jarayon.
2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi 97-maqsadida ham JSTga a’zo bo‘lishining milliy iqtisodiyotga ta’sirini o‘rganishga alohida urg‘u berilgan.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi boshqa davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, tashqi raqobatbardoshlikni kuchaytirish, shu bilan birga bozor munosabatlariga o‘tish jarayonini tezlashtirish uchun zamin yaratishi mumkin.

Ammo, tariflarning pasaytirilishi tufayli JST ga a’zo bo‘lish mahalliy ishlab chiqarishning zaif tarmoqlariga salbiy ta’sir qilishi ham ehtimoldan yiroq emas.
Tadqiqotda JSTga a’zo bo‘lishning asosiy sharti sifatida O‘zbekistondagi tariflar darajasini JSTga a’zo davlat bo‘lgan Qozog‘iston darajasiga tushirish ko‘zda tutilgan (tariflarning o‘rtacha darajasini amaldagi 7,4 foizdan 5,7 foizga tushirish).

Tahlil natijasida quyidagilar aniqlandi:
1. Tariflar va ichki narxlarning pasayishi tufayli eksport jozibadorligi oshishi hisobiga eksport hajmi 0,06 foizga ortishi va ichki tovarlar taklifi 0,03 foizga kamayishi mumkin.
2. Import hajmi 0,06 foizga ortadi va mahalliy tovarlarga bo‘lgan talab 0,03 foizga kamayadi.
3. Davlat byudjeti daromadlarining qisqarishi hisobiga jami jamg‘armalar 0,35 foizga kamayadi.
4. Jamg‘armalar hajmining kamayishi hisobiga investisiyalar darajasi 0,16 foizga pasayishi mumkin.
5. Ichki narxlarning pasayishi oqibatida iste’mol hajmi 0,11 foizga ortadi.
Modelning dastlabki natijalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, birinchi bosqichda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi va buning natijasida tariflarning pasaytirilishi mahalliy mahsulotlarga bo‘lgan talabning ma’lum darajada pasayishiga olib keladi.

Bu esa o‘z navbatida, mahalliy kompaniyalar faoliyati samaradorligini oshirish zaruratini keltirib chiqaradi. Aks holda xorijiy kompaniyalar bilan narx raqobatiga dosh bera olmaydigan samarasiz korxonalar bozordan chiqib ketadi.

Yangi sharoitga muammosiz o‘tishni ta’minlash va O‘zbekistonda milliy korxonalarni tashqi raqobat sharoitiga bosqichma-bosqich tayyorlash uchun yangi muhitni yaratish tavsiya etiladi.

Xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishi bilan tariflarning bosqichma-bosqich pasaytirilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish, texnologik va kadrlar bazasini takomillashtirish orqali sifatni oshirish, korxonalarning narx siyosatini qayta ko‘rib chiqishi hamda iste’molchilarning didi va nimani ma’qul ko‘rishini tizimli ravishda o‘rganish uchun o‘ziga xos ishora bo‘ladi.
Bunda yirik kompaniyalarning JSTga kirish shartlariga tayyorlik indeksini yillik baholash amaliyotini joriy etish samarali mexanizm bo‘lishi mumkin.
Shuni ta’kidlash kerakki, tadqiqotning ushbu bosqichida modelning dastlabki natijalari O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi umuman olganda qanday samara berishini ko‘rsatadi.

Kiritildi: 19:43 01.10.2022. O'qildi: 4453 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!