Bugun 25 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Istirohat bog‘ida dam olamizmi yoki asabiylashamiz?

A A A
Istirohat bog‘ida dam olamizmi yoki asabiylashamiz?

Mamlakatimizda yurtboshimiz tashabbusi va g‘oyasi bilan bir-birini takrorlamaydigan istirohat bog‘lari, dam olish go‘shalari tashkil etilmoqdaki buning natijasi o‘laroq O‘zbekistonning shahar-qishloqlari tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib bormoqda. Poytaxtimizdagi ko‘zni quvnatadigan, chiroyli gullari, ekzotik va soya salqin daraxtlari bilan kishi dilini yayratadigan bog‘lar, xiyobonlar shular jumlasidandir.

Yoz mavsumi boshlanishi bilan dam olish go‘shalari odamlarga xizmat qilish uchun ishga tushadi. Jumladan, poytaxtimizning barcha istirohat bog‘larida, aholining madaniy hordiq chiqarishiga mo‘ljallangan go‘shalarda shart-sharoitlar tayyor holga keltiriladi.

Ammo bugun biz aholi istirohat bog‘lari va xiyobonlarga oila a’zolarimiz bilan dam olish uchun yo‘l olishga biroz ikkilanib qoldik. Nega deysizmi? Chunki eng katta xatar bu barcha dam olish joylaridagi yo‘laklarda velosiped uchayotgan yigit-qizlarimizning atrofdagilarni hisobga olmay qilayotgan qaltis harakatlaridadir. Ba’zan velosipedchilarning bog‘ ichida o‘rindiqda o‘tirib yoki piyoda sayr etayotgan, sokin suhbatlashayotgan odamlar oldidan baland ovozdagi shovqini bilan o‘tishi, tezik qoidalarini unutishi aholi dam olishiga halaqit qilmoqda. Shuningdek, velosipedchilar bu bilan cheklanmay, hattoki yosh bolalar yurib ketayotgan yo‘lkalarda ham e’tiborsizlarcha harakatlanishi kishi dilini g‘ash qiladi.

Ro‘zg‘or tashvishlari, ish muammolarini unutib, oilasi bilan istirohat bog‘iga tashrif buyurgan ota-ona yoki bobo-buvi dam olish o‘rniga, farzandi va nabiralarining velosiped turtib yubormasligidan hadiksirashmoqda-ki buni dam olishga yo‘yish katta xatodir. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, dilbandlarini mayib qilib qo‘ymasligi uchun cho‘chib, dam olishni ham unutib ularning ortidan soyadek ergashib yurishibdi. Achinarlisi, biz avvalgidek istirohat bog‘larida xotirjam dam olmasdan, doim sergak bo‘lishga, ba’zi holatlarda esa asabiylashib, o‘ynab-kulib yurgan bolalarimizning dilini og‘ritib, xafa qilishga majbur bo‘lmoqdamiz.

To‘g‘ri velosipedda uchish har bir isnon sog‘ligi uchun foydali. Ammo masalaning biz keltirib o‘tgan og‘riqli oqibatlari odamlarni bog‘larga borishga chorlash o‘rniga, aksincha, insonlar qalbida zadalik va tushkunlik kayfiyatini shakllantirmoqda.

Bir qaraganda velosiped uchayotganlarning zavqidan xursand bo‘lasiz. Ammo velosiped uchuvchilari orasidagi be’mani harakatlar nafaqat yoshlarimiz, balki yoshi kattalar tomonidan ham amalga oshiralayotgani, kishi dilini xira qiladi. Biz kattalar yoshlarga har qanday jihatdan ma’naviy o‘rnak bo‘lib, odamlar gavjum bo‘lgan hududlarda velosiped uchishning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidasi, madaniyati borligini amalda isbotlab berishimiz kerak emasmikin?

Tan olishimiz kerak, velosipedda uchayotganlar ham boshqalar kabi istorohat bog‘i yoki xiyobonlarga madaniy hordiq chiqarish uchun kelishgan. Lekin har qanday o‘yin-kulguning ham chegarasi va me’yori bo‘lishi lozim emasmi?! Eng asosiysi, sizu biz amalga oshirayotgan xatti-harakatlar atrofimizdagi insonlarga foyda keltirsin, ziyon va zarar emas.

Balki, mutasaddi tashkilotlar tomonidan istirohat bog‘lari va xiyobonlarda velosiped uchuvchi kishilar uchun maxsus yo‘laklar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘larmidi. Shunda six ham kabab ham kuymasmidi?! Xohlovchilar velosiped uchsin, o‘ziga ajratilgan yo‘laklarda, madaniy hordiq chiqaruvchilar esa farzandlarining shodon kulgisi ila dunyo tashvishlarini bir muddat unutishsin.

Shahnoza TOJIDDINOVA, Respublika va’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi

Kiritildi: 16:45 28.06.2018. O'qildi: 2108 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik