Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi Eronning Natanz shahridagi uranni boyitish bo‘yicha muhim inshootda Isroil hujumlaridan so‘ng alfa-zarralar ajralib chiqqanini ma’lum qildi.
"Natanz inshooti tashqarisidagi radiasiya darajasi o‘zgarishsiz qolmoqda, bu tegishli himoya choralari bilan nazorat qilinadi", — deya Grossining so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik matbuot xizmati.
Grossining ta’kidlashicha, davlatlar o‘rtasidagi vaziyat yoki munosabatlardan qat’i nazar, yadroviy inshootlarga hech qachon hujum qilinmasligi kerak.
"Bunday hujumlar Yer sayyorasi aholisiga ham, atrof-muhitga ham zarar yetkazishi mumkin. Bu yadroviy xavfsizlik va kafolatlar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tinchlik va xavfsizlik uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi", — dedi MAGATE rahbari.
Eron Atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Islomiy, o‘z navbatida, Isroil hujumlari Natanzdagi inshootga jiddiy zarar yetkazmagani va radiasiya sizib chiqishiga olib kelmaganini da’vo qilmoqda.
"Zarar mahalliy darajada bo‘lgani va qurbonlar bo‘lmagani yaxshi. Aholini xavotirga solishi mumkin bo‘lgan radiasiya sizib chiqishi ham kuzatilmagan. Hozirda yetkazilgan zararni baholayapmiz", — dedi Islomiy.