Isroil moliya vaziri va o‘ng qanotdagi "Diniy sionizm" partiyasi rahbari Betsalel Smotrich Isroil va HAMAS o‘rtasidagi tinchlik kelishuvini "yomon va xavfli" deb baholadi hamda HAMASni to‘liq yo‘q qilish uchun urush qayta boshlanishi sharti bilangina o‘z fraksiyasi hukumatda qolishini ma’lum qildi. Bu haqda "Meduza" xabar bermoqda.
Smotrichning fikricha, bu bitim Isroil davlatining milliy xavfsizligiga tahdid soladi, chunki u "har bir olib qochilgan asirning qaytishi bilan bog‘liq quvonch va hayajon bilan bir qatorda" Isroil askarlari halok bo‘lgan urushda erishilgan ko‘plab yutuqlarni yo‘qqa chiqaradi.
U so‘nggi ikki kun ichida mamlakat Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan bu masala yuzasidan "keskin muzokaralar" olib borayotganini qo‘shimcha qildi.
"Ediot Ahronot" ma’lumotlariga ko‘ra, Smotrichning Netanyaxu bilan uchrashuvidan "aniq natija chiqmagan", undan so‘ng moliya vaziri o‘z partiyasi vakillaridan intervyu bermaslikni va uchrashuv mazmuni haqida gapirmaslikni so‘ragan.
Smotrich bilan bir qatorda, HAMASga qarshi tinchlik bitimiga Isroilning o‘ta o‘ng qanotdagi diniy milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham qat’iy qarshi chiqib, bitimni "dahshatli" deb atadi. U so‘nggi bir yil ichida siyosiy ittifoqchilari bilan birgalikda "bu bitimning amalga oshirilishini ketma-ket to‘xtatishga erishganini" aytdi va "do‘sti" Smotrichni unga qo‘shilishga hamda agar bitim imzolansa, ular birgalikda hukumatdan ketishi haqida Bosh vazirga tahdid qilishga chaqirdi. Netanyaxu hukumatida tinchlik bitimi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilishi kerak, ammo hozircha bu amalga oshmagan.