Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, AQSh rasmiylari G‘azo sektorida otishmalarni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishish maqsadida Isroilga bosim o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning strategik ishlar vaziri Ron Dermerning Vashingtonga tashrifi chog‘ida G‘azoga hujumlarni to‘xtatish, arab davlatlari bilan munosabatlarni normallashtirish va Ibrohim kelishuvlarini kengaytirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. «Haaretz» gazetasi yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati vakillari Dermerga Isroilni G‘azodagi hujumlarni to‘xtatish va asirdagi isroilliklarni qaytarish bo‘yicha kelishuv tuzishga undashga intiladi.
AQSh tomoni, nashrga ko‘ra, HAMAS harakatini butunlay yo‘q qilish talabini keyingi bosqichga qoldirish zarurligini aniq bayon etmoqchi.
«Yedioth Ahronoth»gazetasi bosh vazir Binyamin Netanyaxuning «mutlaq g‘alaba» ritorikasidan og‘ish ketayotganini ta’kidladi. Bu esa G‘azoda otishmalarni to‘xtatishga oid kelishuv yaqinlashganini anglatishi mumkin.
«Kanal 12» telekanali esa manbalariga tayanib xabar berishicha, Isroil armiyasi hukumatdan keyingi qadamlarni belgilab olishni so‘ragan. Hozirda ikki variant ko‘rib chiqilmoqda: G‘azo ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish yoki asirlarni almashish bo‘yicha kelishuv tuzish. Qo‘mondonlikning afzal ko‘rishicha, ikkinchi yo‘nalish amaliyroq, deb baholanmoqda.