Isroil hukumati Suriyaga tegishli bo‘lgan Golan tepaligining o‘zi tomonidan bosib olingan qismida isroillik aholi sonini ikki barobarga ko‘paytirish rejasini ma’qulladi. Bu hudud 1967 yildan buyon Isroil Mudofaa kuchlari nazorati ostida turibdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Isroil hukumati bu qaror “urush va Suriyani ifodalovchi yangi front nuqtai nazaridan” qabul qilinganini ma’lum qildi. Bashar Asad boshqaruvi qulashi ortidan Isroil armiyasi Golan tepaliklarida tashkil etilgan qurolsizlantirilgan bufer zona ichkarisiga o‘z qo‘shinlarini kiritdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 1974 yilda Isroil va Suriya o‘rtasida imzolangan bo‘linish to‘g‘risidagi kelishuv Suriyadagi hokimiyat o‘zgarishi tufayli endi kuchga ega emasligini aytdi.
“Golan tepaliklarini mustahkamlash Isroil davlatini mustahkamlash demakdir va bu hozirgi paytda ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Biz ularni nazorat qilishni, rivojlantirishni va aholi bilan to‘ldirishni davom ettiramiz”, deyiladi Netanyaxu bayonotida.
Shuningdek, u Isroil “Suriya bilan mojarodan manfaatdor emasligini” aytgandi.
“Biz Isroilning Suriyaga nisbatan siyosatini yerdagi mavjud vaziyatga muvofiq ravishda belgilashni maqsad qilganmiz”, degan u.
Golan tepaliklarida 20 mingga yaqin aholi yashaydigan 30 dan ortiq Isroil aholi punktlari joylashgan. Xalqaro huquqqa ko‘ra, bu aholi punktlari noqonuniy hisoblanadi, biroq Isroil bunday baholashga qo‘shilmaydi.
Isroillik aholi punktlari aholisidan tashqari, bu hududda 20 mingga yaqin suriyalik ham yashaydi. Ularning aksariyati Golan Isroil nazoratiga o‘tgandan so‘ng o‘z uylarida qolishga qaror qilgan.