Ispaniya va Yevropa Ittifoqi Barselonada taxminan 10 million yevrolik yangi kvant superkompyuterini ishga tushirdi, deb xabar beradi Euronews.
Yangi tizim MareNostrum Ona deb nomlanadi.
U Yevropaning kvant hisoblash infratuzilmasining bir qismiga aylanadi.
Superkompyuter ilmiy tadqiqotlarni tezlashtirish, sun’iy intellektni rivojlantirish va yangi kvant texnologiyalarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Tizim Barcelona Supercomputing Center bazasida ish boshladi.
Superkompyuter Qilimanjaro Quantum Tech tomonidan ishlab chiqilgan.
Loyiha Yevropa Komissiyasi va Ispaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan.
Yangi qurilma markazdagi oldingi tizimlardan farq qiladi.
Avvalgi o‘rnatishlar raqamli arxitekturaga asoslangan bo‘lsa, MareNostrum Ona analog kvant kompyuteri sifatida ishlab chiqilgan.
Ushbu texnologiya murakkab muammolarni an’anaviy kompyuterlarga qaraganda ancha tezroq hal qilish imkonini beradi.
Barselona superkompyuter markazining uchta kvant kompyuteri ham Barselonadagi Torre Jirona cherkovida joylashgan.
MareNostru superkompyuterining oldingi avlodlari ham ushbu binoda qariyb yigirma yil davomida ishlagan.
Majmuaning dastlabki ikkita kvant kompyuteri 2025 yil fevral oyida ishga tushirilgan. O‘shandan beri ular 4200 soatdan ortiq hisoblash ishlarini bajardilar.
Ushbu tizimlar Ispaniya superkompyuter tarmog‘i tomonidan tanlangan 53 ta ilmiy loyihada qo‘llanilgan.
Yangi superkompyuter shuningdek, umumevropa kvant hisoblash tarmog‘i bo‘lgan EuroHPC Joint Undertakingning bir qismidir.
Evropa Ittifoqi Amerika texnologiya gigantlariga qaramligini kamaytirish uchun ushbu infratuzilmani rivojlantirmoqda.
EuroHPC hozirda oltita kvant kompyuterini sotib oldi.