Ispaniyalik ayol har kuni ishga juda vaqtli kelgani uchun ishdan bo‘shatildi, deb yozmoqda Oddity Central.
Shartnomaga ko‘ra, xodimning ish kuni ertalab 7:30 da boshlangan, ammo u ko‘pincha 6:45–7:00 da ishxonaga yetib kelgan. Bu paytda nimalar bilan shug‘ullangani noma’lum.
Ayolning odati rahbariyatga yoqmadi va 2023 yilda birinchi marta ogohlantirish berib, ko‘rsatilgan vaqtda ishga kelish buyurildi. Ammo ayol bilganidan qolmadi va barvaqt kelishda davom etdi. Hatto rahbariyat unga qarshi jiddiy chora ko‘rilishini ma’lum qilishi ham holatga ta’sir qilmagan.
2025 yil boshida mehnat tartibini buzgani uchun ayol ishdan bo‘shatildi. Ish beruvchiga ko‘ra, erta kelish sifat va hajmga hech qanday ta’sir qilmagan, chunki bu paytda xodim kompaniyaga foyda keltirmagan.
Ishxonasini sudga bergan xodim yutqazdi, qaytanga uning xatti-harakatlari «juda jiddiy qoidabuzarlik» deb baholandi.