AQSh prezidenti Donald Trampni qo‘llab-quvvatlash reytingi amerikalik ishchi tabaqa orasida rekord darajada pasaydi. Bu haqda Newsweek jurnali YouGov sosiologik instituti o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga tayanib xabar qildi.
Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, yillik daromadi 50 ming dollargacha bo‘lgan respondentlarning atigi 31 foizi Trampning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullagan. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning 65 foizi uning ishidan norozi ekanini bildirgan, yana 4 foizi javob berishga qiynalgan.
Daromadi yuqoriroq bo‘lgan amerikaliklar orasida prezidentni qo‘llab-quvvatlash darajasi balandroq. Xususan, yillik daromadi 100 ming dollardan ortiq bo‘lgan fuqarolar guruhida 40 foiz Tramp faoliyatini ijobiy baholagan, 51 foiz esa qarshi fikr bildirgan.
Newsweek ta’kidlashicha, ishchi tabaqa orasida reytingning pasayishiga asosiy sabablardan biri AQShda uy-joy masalasining keskinlashib borayotganidir. Nashr ijara haqi va ko‘chmas mulk narxlarining oshishi ijtimoiy norozilikni kuchaytirib, 2026 yilda Kongress saylovlarida Respublikachi partiya pozisiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etgan.
YouGov so‘rovnomasi 20–22 dekabr kunlari taxminan 1600 nafar amerikalik soliq to‘lovchilar orasida o‘tkazilgan. 2025 yil noyabr oyidagi ma’lumotlar bilan taqqoslaganda, ishchi tabaqa vakillari orasida Trampni qo‘llab-quvvatlash sezilarli darajada kamaygan. Ayni shu guruh, ekzit-pollar ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida uni ozchilik ustunlik bilan qo‘llab-quvvatlagan edi.
Bundan oldin ham yangi prezidentlik muddatining ilk 100 kuni yakunlariga ko‘ra, Trampning ma’qullash reytingi so‘nggi 80 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichga tushgani xabar qilingan edi. O‘shanda amerikaliklarning 55 foizi uning faoliyatini salbiy baholagan, 39 foizi esa qo‘llab-quvvatlagan.
Respondentlarning ko‘pchiligi iqtisodiy siyosat, savdo bojlari va AQSh tashqi siyosiy yo‘nalishidan norozi ekanini bildirgan.