Iqlim o‘zgarishi tufayli ilgari faqat Janubiy Yevropada topilgan ilon turlari endi Germaniyada keng tarqalmoqda. Ulardan ba’zilarining uzunligi 2 metrdan oshadi, deb xabar beradi DW.
Myunxendagi Sudralib yuruvchilarni qutqarish markazi rahbari Markus Baurning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida Bavariyada to‘rt tasmali ilonlar kamida 15 marta kuzatilgan. Ilgari bu zaharli bo‘lmagan ilon asosan Bolqon yarim oroli va Gresiyada topilgan. Uning uzunligi 2 metrdan oshadi.
O‘rta yer dengizi mintaqasida tug‘ilgan yana bir zaharli bo‘lmagan tur, gadyukasimon suv iloni ham Bavariyada bir necha bor kuzatilgan.
Reynland-Pfals federal shtatidagi Svaybryukken yaqinida esa Janubiy Yevropadan kelgan sariq-yashil ilon o‘n yildan beri u yerda yashab kelmoqda. Hozirda uning soni bir necha yuztaga yetdi.
— Bu ilonlarning ba’zilari iqlim o‘zgarishi tufayli Germaniyaga tabiiy ravishda ko‘chib o‘tgan bo‘lishi mumkin. Ularning an’anaviy yashash joylari kamayib bormoqda. Boshqalari esa tasodifan odamlar tomonidan olib kelingan. Masalan, Italiyadan Myunxenga mashinaning tagiga yopishib olgan ilon qayd etilgan, — dedi Markus Baur.
Olimlarning fikriga ko‘ra, bu ilonlar odamlar uchun xavfli emas. Biroq, ular mahalliy ekotizimga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, Svaybryukken yaqinida sariq-yashil ilonlarning ko‘payishi ularning asosiy oziq-ovqat manbai bo‘lgan kaltakesaklarning mahalliy populyasiyasini sezilarli darajada kamaytirdi.
Bu ilonlar shuningdek, ekinlarga zarar yetkazadigan va turli kasalliklarni tarqatadigan sichqonlar bilan ham oziqlanadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Germaniyada yettita mahalliy ilon turi yashaydi va ularning barchasi yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida. Shuning uchun, ularni yovvoyi tabiatda uchratish hali ham kam uchraydigan holat.