Indoneziyaning Janubiy Sumatra viloyati tarkibiga kiruvchi ikkita kimsasiz orol global isish ta’sirida dengiz sathi ko‘tarilishi oqibatida butkul suv ostiga ketdi. Bu haqda The Straits Times nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda Betet va Gundul orollari dengiz sathidan 1-3 metr pastda joylashgan.
“Agar tezkor choralar ko‘rilmasa ushbu viloyat tarkibiga kiruvchi yana 4 ta orol suv ostiga ketishi mumkin”, deb ogohlantirgan nohukumat tuzilmasi rahbari Xayrul Sobiriy. Uning ta’kidlashicha, Burung oroli dengiz sathi darajasida, Kalong va Salax Namao 2 metr, Kramat oroli esa 3 metr yuqorida turibdi.
Mutaxassisning aytishicha, suv ostiga ketgan Betetda avval YUNESKO tomonidan tan olingan milliy qo‘riqxona joylashgan bo‘lgan.
Indoneziyada dunyodagi eng katta arxipelag joylashgan bo‘lib, uning tarkibiga 18 mingta orol kiradi.