Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urgut tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Samarqand filiali “Zarafshon” ko‘mir ombori mas’ul shaxslari aholi va byudjet tashkilotlariga imtiyozli narxlarda tarqatish uchun ajratilgan 21 tonna ko‘mirni boshqa shaxslarga sotish maqsadida fuqaro U.N.ga tegishli yuk avtomashinasida Urgut tumaniga olib kelgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda ushbu ombor mudiri M.B. va boshqalar umumiy bahosi 915,7 mln. so‘mlik jami 1765 tonna ko‘mirni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.