Bugun 2 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Importning uchdan biri Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda

Importning uchdan biri Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda



Iyun oyida jami oylik importimizning 31 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni import uchun sarflayotgan har dollarimizning 31 senti Xitoy tovarlarini sotib olishga ishlatilmoqda.

Taqqoslash uchun boshqa asosiy hamkorlardan Rossiyaning ulushi 15 foiz, shuningdek, katta 7 lik (G7) iqtisodiyotlardan importimiz ulushi 6 foizni tashkil etgan.

2021 yil bilan taqqoslaganda Xitoyning ulushi sezilarli oshgan bo‘lsa, Rossiya va G7 mamlakatlarining ulushi qisqargan. Masalan 2021 yilning yanvar oyiga nisbatan Xitoyning ulushi 11 foiz bandga oshgan. Rossiya hamda G7 mamlakatlarining ulushi bu davrda 5 foiz banddan pasaygan.

Bu davrda Xitoyning importimizdagi ulushining o‘sishi bir nechta omillar bilan izohlanadi.

Investisiyalar hajmining o‘sishi. Importning o‘sishida Xitoydan mamlakatimizga kiritilayotgan investisiyalar oqimining sezilarli oshganligi katta ta’sir o‘tkazgan. Masalan 2021 yilda Xitoydan investisiya va kreditlarning jami investisiya va kreditlardagi ulushi 23,8 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib Xitoyning ulushi 32,3 foizga etgan. Ya’ni Xitoy mamlakatimizga boshqa davlatlarga nisbatan ko‘proq investisiya kiritmoqda. Bu esa mazkur mamlakatdan ko‘proq import shakllanishiga ta’sir o‘tkazadi (Investor korxona mahsulotlarni Xitoydan olib kelishni afzal ko‘rishi mumkin). Taqqoslash uchun bu davrda Rossiyaning mamlakatimizga kiritilgan investisiya va kreditlardagi ulushi 26,8 foizdan 18,6 foizgacha kamaygan.

Nominal qiymatdan Xitoydan investisiya va kreditlar so‘nggi 4 yilda 4,7 barobarga oshgan.

Rossiya-Ukraina urushi. Rossiya iqtisodiyoti urush iqtisodiyotiga aylanishi bilan ko‘p ishlab chiqarishlar urushga yo‘naltirildi. Bu o‘z navbatida mamlakatning eksport salohiyati pasayishiga olib keldi. Masalan 2023 yilgacha oylik importimizda Xitoy hamda Rossiyaning ulushi bir biriga yaqin shakllangan bo‘lsa, hozirga kelib bu ikki hamkorlarimiz ulushlari orasidagi farq kengayib bormoqda.

Savdo urushi, Xitoydagi kuchsiz yalpi talab. 2025 yildan esa AQSh hamda Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi yangi bosqichga chiqdi. Bu esa Xitoy tovarlarining arzonlashishiga xizmat qildi. Busiz ham Xitoydagi kuchsiz talab hamda yuqori ishlab chiqarish hisobiga narxlar arzonlab kelayotgan edi. Xitoy tovarlari narxining pasayishi esa o‘z navbatida bu tovarlar jozibadorligini oshirgan.

Kiritildi: 19:28 29.07.2026. O'qildi: 542 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!