SpaceX asoschisi Ilon Maskning “America PAC” siyosiy qo‘mitasi Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampning prezidentlik kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 200 million dollarga yaqin mablag‘ sarfladi. Bu haqda Associated Press axborot manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mask qo‘mitasi Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun 200 million dollar sarflab, milliarderlarning AQSh saylovlariga ta’sir o‘tkazish qobiliyatiga yangi mezon belgilagan. Tesla va SpaceX bosh direktori tomonidan moliyalashtirish birinchi navbatda birinchi marta saylovchilarni va kam ovoz beruvchi hududlarni jalb qilishga qaratilgan.
Tramp Maskning prezidentlik poygasida qo‘llab-quvvatlaganini yuqori baholadi.
Nashrning yozishicha, Mask ko‘p yillar davomida siyosiy faol bo‘lib, o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida muntazam ravishda AQShning siyosiy masalalariga izoh berib kelgan.
Xususan, u demokratlar va respublikachilarni ochiq tanqid qilib, hech bir partiyani qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan.
Biroq, vaqt o‘tishi bilan uning qarashlari respublikachilarga ko‘proq moyil bo‘la boshladi va bu yil Ilon Mask Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun «America PAC» siyosiy qo‘mitasini tuzdi.