O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.02.2019 yildagi “Etim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ – 4185-son Qaroriga asosan Bosh prokuratura, Bandlik va mehnat munosabatlari, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Moliya, Ichki ishlar vazirliklari hamda Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan “Ijtimoiy xodim” maqomi tahlil qilindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, idoralararo Qo‘shma qaror bilan “Ijtimoiy xodimlarning maqomi, vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma tasdiqlandi.
Yo‘riqnomaga asosan, ijtimoiy xodim – ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkillashtiradigan yoki bevosita ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatuvchi zarur kasbiy malakaga ega bo‘lgan shaxs hisoblanadi.
Shuningdek, ijtimoiy xodim og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan shaxslar, oilalarga yuzaga kelgan ijtimoiy muammolarini yengib o‘tishga hamda jamiyatda boshqa shaxslar bilan teng imkoniyatlardan foydalanishiga shart – sharoit yaratishga qaratilgan ish va xizmatlarni ko‘rsatadi.