Bugun 23 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

IIV rasmiysi: “O‘zbekistonda fuqaroligi yo‘q 49228 nafar shaxsga fuqarolik berilishi kutilmoqda”

IIV rasmiysi: “O‘zbekistonda fuqaroligi yo‘q 49228 nafar shaxsga fuqarolik berilishi kutilmoqda”

O‘zbekistonda fuqaroligi yo‘q shaxslarning bir qismiga fuqarolik berilishi kutilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda 1995 yil 1 yanvargacha doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, ammo shu paytgacha fuqarolik maqomini ololmagan 49228 nafar shaxsga fuqarolik berilishi kutilmoqda.

IIV Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Nodir Ziyayevning 7 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, IIV tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida» qonun loyihasida ko‘plab yengilliklar nazarda tutilayotganini ma’lum qildi.

Qonun loyihasida «yashash guvohnomasi», «tekshiruv varaqasi», «xorijiy davlat fuqarosi», «fuqaroligi bo‘lmagan shaxs» va boshqa shu kabi tushunchalarga sharh berilmoqda, Prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaning maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlari aks ettirilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishning quyidagi turlari nazarda tutilmoqda:

umumiy – O‘zbekiston hududida uzluksiz besh yil yashagan xorijiy davlat fuqarolari (xorijiy davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan bo‘lsa), shuningdek, yashash ma’lumotnomasiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etiladi;

soddalashtirilgan – xorijiy davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblangan vatandoshlarga taqdim etiladi;

alohida tartibda – O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan beriladi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgani haqida ma’lumot berildi. Qonun qabul qilingan taqdirda quyidagilar amalga oshadi:

– O‘zbekiston Respublikasida 1995 yil 1 yanvarga qadar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, xorijiy davlat fuqaroligini olmagan hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasiga ega bo‘lganlarning fuqaroligi tan olinadi;

– tug‘ilgan joyi va ota-onasining fuqaroligi bo‘yicha xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan bolalar O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinadi;

– O‘zbekiston fuqaroligi yo‘qotilishiga sabab bo‘ladigan sabablarsiz konsullik hisobiga turmaslik muddati uch yildan yetti yilga uzaytiriladi;

– Fuqarolik masalalariga oid iltimosnomalar bo‘yicha ish yurituvini to‘xtatib turish, tugatishning aniq asoslari belgilab beriladi;

–  Fuqarolikka qabul qilish sharti sifatida davlat tilini muloqot uchun yetarli darajada bilish kerak bo‘ladi;

– Fuqarolik masalalarini ko‘rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari nazarda tutilmoqda.

Amaldagi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi Qonun 8ta bo‘lim, 45ta moddadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, taklif etilayotgan qonun loyihasi 9ta bob va 60ta moddani o‘z ichiga olgan.

Nodir Ziyayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan fuqarosizlikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan muhim qadam sifatida BMTning qochoqlar masalasi bo‘yicha komissari tomonidan yuksak e’tirof etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hozirda jami 95 857 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar istiqomat qiladi, ushbu ko‘rsatkich Markaziy Osiyodagi jami fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 78,5 foizini tashkil etadi.

Kiritildi: 19:30 08.11.2019. O'qildi: 1940 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!