AQSh va Eron o‘rtasida Hurmuz bo‘g‘ozining maqomi bo‘yicha kelishuv mavjud emasligiga qaramay, mazkur dengiz yo‘lagi orqali xom neft tashish davom etmoqda.
CNN nashri Marisks tahlilchilari ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali har kuni taxminan 3–5 million barrel neft o‘tmoqda.
«Barcha mavjud qiyinchiliklarga qaramay, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali harakat faolligicha qolmoqda», — deya ta’kidlagan kompaniya tahlilchilari. Ularning qo‘shimcha qilishicha, kunlik tashilayotgan neft hajmi dengiz yo‘lagi hali to‘liq bloklanmaganidan dalolat beradi.
Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish fevral oyi oxirida, AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy operasiya boshlaganidan so‘ng keskin qisqargan. Bo‘g‘ozning eng tor qismi Eron nazoratida hisoblanadi.
Harbiy amaliyotlar boshlanishidan avval dunyodagi neft ta’minotining qariyb 20 foizi Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tar edi. Keyinchalik bu hajm bir necha barobar kamaydi va neft narxi bir barreli uchun 100 dollardan oshib ketdi.
AQSh va Eron o‘rtasidagi qisqa muddatli sulh davrida bo‘g‘oz orqali kemalar harakati qisqa vaqtga tiklangan edi. Hozir esa dengiz yo‘lagi orqali o‘tish amalda yana cheklangan.
Eron va Ummon ayni paytda bo‘g‘oz orqali kemalar harakatini tartibga solish bo‘yicha kelishuv ustida ishlamoqda.
Bloomberg xabar berishicha, bunday kelishuv AQSh va Eron o‘rtasida tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun yo‘l ochishi mumkin.