Bugun 5 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Hujjatsiz yer uchastkalarini rasmiylashtirishda qancha hajmgacha bo‘lgan yerlar inobatga olinadi?

A A A
Hujjatsiz yer uchastkalarini rasmiylashtirishda qancha hajmgacha bo‘lgan yerlar inobatga olinadi?

Fuqarolarimiz tomonidan bir vaqtlar qurilish, uy-joy qilingan, ammo hujjatsiz, egalik huquqisiz amalga oshirilgan. Bu kabi holatdagi yer uchastkalariga egalik huquqini rasmiylashtirish ko‘pchilikni qiynayotgan masalalardan biridir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

– 2018 yilda Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 ming nafardan ortiq fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan edi, – dedi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov. – Hozirgi kunda o‘rganishlar davomida huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi turli sabablarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan 3,8 milliondan ortiq 493 ming gektar yer uchastkalari mavjudligi aniqlangan. Qayd etish kerak, amaldagi qonunchilikda ushbu muammoli yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etishning huquqiy asosi va tartibi mavjud emas.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorisiz o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida qurilgan uy-joylar, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk ob’ektlariga hamda kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlarining bino va inshootlariga nisbatan huquqni e’tirof etish tartibini belgilash zarurati mavjud. Mazkur qonun loyihasi bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etishning aniq tartiblari belgilanmoqda.

Shuningdek, loyihada fuqarolar tomonidan ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etishning huquqiy asoslari belgilab berilmoqda. Shu bilan birga, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan taqdirda, yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslarning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasining moddama-modda muhokamalarida deputatlar ayrim moddalar yuzasidan savollarni o‘rtaga tashladi. Xususan, deputat Doniyor G‘aniyev o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqini e’tirof etishda jismoniy shaxslarga 24 sotixgacha bo‘lgan yer hajmi belgilangani, ammo yuridik shaxslar uchun qancha hajmgacha bo‘lgan yer uchastkasiga ijara huquqi e’tirof etilishi mumkinligi bilan qiziqdi. Ya’ni, yuridik shaxsning 50 sotix yoki 1 gektargacha o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari bo‘lsa, hammasi bu qonun bilan rasmiylashtirib beriladimi, degan masalani ko‘tardi.

Bunga javoban ma’ruzachi yuridik shaxslar uchun chegara belgilanmaganini ta’kidladi.

Shuningdek, loyihaning tahriri bo‘yicha ham ayrim takliflar berildi. Ya’ni, muhofaza etiladigan, qurilish taqiqlangan hududlardagi yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqi rasmiylashtirilmasligiga oid norma oydinlashtirildi.

Qizg‘in bahs-munozara va tortishuvlardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Kiritildi: 16:10 09.04.2024. O'qildi: 2754 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!