Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan kreativ iqtisodiyot kontekstida hududiy brending ahamiyati o‘rganildi.
Hududlar brendingida ijodkorlik muhim o‘rin kasb etadi, sababi mavjud salohiyat rivojlantirish va targ‘ibotga muhtoj.
🔹Mintaqaning mashhurligini oshirishga yordam bergan muvaffaqiyatli marketing kampaniyalariga quyidagilarni misol keltirish mumkin:
✔️Rashmor tog‘i - Janubiy Dakotadagi (AQSh) eng diqqatga sazovor manzillardan bo‘lib, granit tog‘ning bir tomonida to‘rt AQSh prezidenti qiyofasi aks ettirilgan. Yodgorlik yiliga ikki milliondan ortiq sayohatchilarni jalb qiladi.
✔ONLYLION kampaniyasi doirasida Lion (Fransiya) shahrining ramzi qilib sher ko‘rsatilib, dron vositasida shaharning yuqoridan olingan videosi Yevropaning aeroportlari va turli ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilgan.
✔️Shimoliy Irlandiyada mashhur "Taxtlar o‘yini" filmida suratga tushgan va bo‘ron natijasida qulagan daraxtlardan o‘nlab naqshdor eshiklar yasalib mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan va "Eshiklar sayohati" deb nomlangan yangi sayyohlik yo‘nalishi yaratilgan.
✔️Farer orollarida "Sheepview 360" tashabbusi doirasida 360° kameralarni qo‘chqorlar ustiga o‘rnatilib orolning video xaritasini yaratilgan.
🔸O‘zbekistonning qator hududlari ham dunyoda o‘ziga xos imidjga ega.
✔️Namangan dunyoda “gullar shahri” sifatida o‘zini namoyon qilgan va unda har yili gul festivallari o‘tkaziladi.
✔️Rishton Farg‘ona viloyatining mohir kulol ustalari bilan mashhur bo‘lgan qadimiy shahar bo‘lib, jahon miqyosida noyob kulolchilik markazi sifatida e’tirof etilgan.
✔️Konigil qishlog‘i (Samarqand) o‘zining – sirti silliq, mustahkam va siyohni oz singdiruvchi noyob ipak qog‘oz turi bilan tanilgan.
🔰Shunga qaramay mintaqalarning ulkan sayyohlik salohiyati amalga oshmay qolmoqda.
✅ Ko‘pchilik Qizilqum cho‘lida o‘z davrining ozuqa zanjirida eng yuqori mavqega ega bo‘lgan "Dinozavrlar qiroli" qoldiqlari topilganidan bexabar. Ular hattoki mashhur tiranozavrlardan ham yirikroq bo‘lgan. Mazkur turning nomida "Ulughbegsaurus uzbekistanensis" mavjudligi dinozavrlarning mintaqamizga aloqadorligini aks ettiradi va ulardan marketing kampaniyasi sifatida foydalanishga imkon yaratadi. Ya’ni, Ulughbegsaurus aks etgan hudud logotipini ishlab chiqish, dinozavrlar mavzusidagi ko‘ngilochar muassasalar (parklar, muzeylar va boshqalar)ni yaratish lozim. Shu bilan birgalikda, zamonaviy texnologik imkoniyatlardan foydalangan holda dinozavrlar shaklida dronlar shousini va rangli gologrammalar ko‘rinishidagi vizual ko‘rgazmalarni tashkil qilish mumkin.
✅ Uchqizil suv omboridagi kabi Surxondaryoning go‘zal tog‘ manzaralari mamlakatimizga tashrif buyuruvchilarning e’tiboridan chetda qolmoqda. Bunda "Yodel Ay Hee Hoo" kampaniyasi strategiyani qo‘llash orqali Samarqand va Toshkent aeroportlaridagi infokiosk yonidan o‘tayotgan chet ellik sayyohlarni Surxondaryoning qishloqlariga chaqirish mumkin. Ya’ni, qishloqdan turgan mahalliy aholi vakili kishilar bilan onlayn suhbatga kirishadi va real vaqt rejimida hudud manzarasini ko‘rsatib ularni jalb qiladi. Bu usulni Surxandaryo qishloqlarida etnografik turizmni rivojlantirish yo‘lida, sayyohlarni xonadonlarga mehmonga taklif qilish orqali madaniyat bilan tanishtirish uchun qo‘llash mumkin.
✅ Buxoro o‘ziga hos me’moriy merosi tufayli o‘zini "Yuz gumbazli shahar" sifatida tanitishi mumkin. Buxoroning eng diqqatga sazovor gumbazli inshootlari orasida Chor Minor madrasasi, Poi Kalon majmuasi, Mir Arab madrasasi va boshqalarni keltirish mumkin. Yaratilgan imidjni maqsadli auditoriyaga ijodiy usul bilan yetkazilish uchun "Islandiyadan ilhomlangan" kampaniyasi modelini qo‘llash mumkin. Buxoro misolida aytilsa, shaharning Islom dunyosidagi yuqori ahamiyatini namoyish etuvchi bir qator videolarni suratga olish va samarali kanallar orqali uzatish orqali shaharga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish hamda mazkur manzilni har bir musulmon hayotida kamida bir marta qilishi kerak bo‘lgan ziyoratga aylantirish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning ulkan sayyohlik salohiyatini namoyon etishda hududlarni samarali targ‘ibot qilish masalasiga katta e’tibor qaratish hamda hududlarni o‘ziga xos turistik yo‘nalish sifatida taqdim etish lozim.
Abdusattorjon Abdumo‘minov
MHTI yetakchi ilmiy xodimi