Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

"Hizb ut-tahrir" g‘oyalariga qo‘shilgani uchun jazolangan erkak yana shunday jinoyatga qo‘l urdi

"Hizb ut-tahrir" g‘oyalariga qo‘shilgani uchun jazolangan erkak yana shunday jinoyatga qo‘l urdi

Hech bir inson jinoyatchi bo‘lib dunyoga kelmaydi, aksincha hayot kechirish jarayonida barcha ijobiy va salbiy illatlarni o‘rganib boradi. Hayotda nimani o‘rganishi esa ko‘pincha uning qanday muhit va oilada o‘sganligiga bog‘liq.

Biroq, ayrim sabablarga ko‘ra, yomon yo‘lga kirib adashgan insonlar nafaqat o‘zini, balki butun boshli oilasini yuzini yerga qaratishiga sabab bo‘ladi. Ana shunday qing‘ir yo‘lga kirib qolgan I.ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqildi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, I. muqaddam “Hizb ut-tahrir” jamoasiga qasamyod qabul qilib, a’zo bo‘lib kirganligi, “Hizb ut-tahrir” jamoasining g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagani, uning g‘oyalarini to‘g‘ri deb bilgani, jamiyatda shariat qonunlari asosida yashash kerakligi, butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekiston hududida ham “Islom Xalifaligi” davlati bo‘lishi kerak deb hisoblab, O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan qonunlarga qarshi chiqib jinoyat sodir etganligi uchun 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.

Ilgari sodir qilgan mudhish qilmishiga nisbatan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan I. jazoni o‘tayotib, yana jinoyatga qo‘l o‘rdi.

Voqea tafsilotlariga keladigan bo‘lsak, 2019 yil 24 sentyabr kuni Navoiy viloyati Navoiy shahridagi 11-son JIEK turma uchastkasi 162-kamerasida to‘satdan o‘tkazilgan tintuv tadbiri davomida, mahkum I.ga tegishli kameradagi “Bekajon” nomli gazetaning orasidan O‘zbekiston Respublikasida faoliyati taqiqlangan “Hizb ut-tahrir al-Islomiy” xalqaro terroristik tashkilotining aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, tarqatish va xorijdan olib kirish taqiqlangan qo‘lyozma varaqani kelgusida mahkumlarga tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda saqlab kelganligi aniqlangan.

Shuningdek, I. “Hizb ut-tahrir al-Islomiy” xalqaro terroristik tashkilotiga a’zo bo‘lib, qasamyod qabul qilib, uning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelib, Navoiy shahridagi 11-son JIEK turma uchastkasida jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkumlarga aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan qo‘lyozma varaqalarni yozma tarzda tarqatish maqsadida dindan foydalanib, terroristik tashkilotga jalb qilib, terroristik tashkilot tarafdorlari safini kengaytirish maqsadida tashkilotning turma uchastkasi sharoitida faoliyat olib borishini yo‘lga qo‘yib, muqaddam hukm qilingan jinoyatiga o‘xshash jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsada, unda ishtirok etib qasddan yangi jinoyat sodir etgan.

Ishda aniqlangan holatlarga ko‘ra, I. aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, tarqatish va xorijdan olib kirish taqiqlangan qo‘lyozma varaqani kelgusida mahkumlarga tarqatish maqsadida tayyorlab qonunga xilof ravishda saqlab kelgan.

Sud ishni ko‘rish jarayonida, sudlanuvchi I.ga jazo tayinlashda, amaldagi Qonun va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining rahbariy ko‘rsatmalariga amal qilgan holda sudlanuvchini O‘zbekiston Respublikasi JK 2441-moddasining 1-qismi hamda 2442-moddasining
1-qismi bilan aybdor deb topib, JKning 60-moddasi tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudining hukmi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan qismini mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil  6 yil 6  oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgiladi.

Qani endi jazo tayinlash bilan shaxsning yovuz niyatini ahloqini hamda hulq atvorini ijobiy tomonga o‘zgartirsak edi, jazodan ko‘zlangan asosiy maqsadga erishgan bo‘lar edik.

Bunga nafaqat davlat manfaatdor balki, mamlakatimizning har bir fuqarosi ana shunday shaxslarni to‘g‘ri yo‘lga yetaklashi ularni kerak bo‘lsa tarbiyalashi lozim.  Bugungi kunning asosiy talabi ham, xalq farovonligiga erishishning asosiy omillaridan biri ham shundan iboratdir.

 

Zohid Shodiyev,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi

sudya katta yordamchisi

Kiritildi: 12:49 17.06.2020. O'qildi: 2742 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!