Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Hirosima va Nagasaki. Do‘zaxga aylangan avgust

A A A
Hirosima va Nagasaki. Do‘zaxga aylangan avgust

1945 yil 6 va 9 avgust kunlari yadro quroli ilk bor aholiga qarshi jangovar maqsadda qo‘llanilgan sanalardir. Xususan, Ikkinchi jahon urushining yakuniy bosqichi davomida, yadro quroli, Tinch okeani harbiy harakatlar maydonida urush olib borayotgan Yaponiyaning kapitulyasiyasini tezlashtirish maqsadida AQSh Qurolli Kuchlari tomonidan ikki marta qo‘llanilgan.

Ijozatingiz bilan, ushbu qurol qo‘llanilishining tarixiga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

O‘sha davrda AQSh Qurolli Kuchlari qoshida Yadro qurolini qo‘llash maqsadida nishon tanlash qo‘mitasi faoliyat yuritgan. Qo‘mita Robert Oppengeymer singari matematika va fizika nazariyotchilari, portlatish ishlari mutaxassislari va meteorologlardan iborat olimlar guruhidan tashkil topgan. 1945 yil 10 – 11 may kunlari yadro qurolini qo‘llashga oid bir qator talablarga asoslangan mazkur Qo‘mita Los-Alamosda o‘tkazgan ikkinchi yig‘ilishida Yaponiyaning:

– yirik sanoat markazi sanalgan Kioto shahrini;

– qurol-aslaha omborlari va harbiy port joylashgan Xirosima shahrini;

– harbiy sanoat markaziga aylangan Iokogama shahrini;

– qurol-aslaha va harbiy texnikaning yirik miqdori saqlangan Kokur shahrini;

– mashinasozlik markazi va port shahar bo‘lmish Niigat shahrini nishon tariqasida tavsiya etgan.

Qo‘mita yadro qurolini faqat harbiy nishonlargagina qo‘llash g‘oyasini batamom rad etdi. Zero, nishon tanlash jarayonida tegishli psixologik omillar, jumladan:

1. Yaponiyaga qarshi maksimal psixologik ta’sir samarasiga erishishga;

2. Yadro qurolining qudrati xalqaro miqyosda e’tirof etilishi uchun, ilk bor qo‘llanilishi yetarlicha keng ko‘lamli, jiddiy ta’sir ko‘rsatishiga katta ahamiyat berildi.

Nishon tanlagan Qo‘mita quyidagi g‘oyalarga asoslandi:

– Kioto aholisi nisbatan savodliroq bo‘lib, yadro qurolining ahamiyatiga yaxshiroq baho berish qobiliyatiga ega;

– Hirosima atrofidagi do‘ngliklar portlash jarayonining tabiiy kuchayishiga sabab bo‘ladi.

Biroq ko‘p yillar muqaddam o‘zining asal oyini Kioto shahrida o‘tkazgan AQSh harbiy vaziri Genri Stimson, ushbu shaharni bo‘lajak nishonlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi.

1945 yilning may – iyul oylarida Tinian oroliga 509- aralash aviasiya guruhi joylashtirilib, «Indianapolis» kreyserida trotil ekvivalentida 13 – 18 kilotonna keladigan «Kichkintoy» (ing. Little Boy), harbiy-transport samolyotida esa trotil ekvivalentida 21 kilotonna keladigan «Baqaloq» (ing. Fat Man) deya nom berilgan atom bombalari keltirilgan.

Qo‘shimcha ma’lumot tariqasida aytib o‘tishim joizki, bombani orolga keltirib, ortga qaytgan «Indianapolis» kreyseri raqibga ro‘baru kelib, ko‘p sonli ekipaji bilan birga cho‘ktirib yuborilgan.

Amerikaliklarning birinchi yadroviy bombasi tashlanadigan asosiy nishon sifatida Xirosima shahri tayinlanib, zaxira nishonlar sifatida, har ehtimolga qarshi , Kokura va Nagasaki shaharlari tanlangan.

1945 yil 6 avgust kuni soat 01.45 da bortiga «Kichkintoy»ni ortib olgan, polkovnik Pol Tibbets boshqaruvidagi, ushbu ofiserning onasi Enola Gey Xaggard sharafiga «Enola Gay» nomi berilgan B-29 rusumli bombardimonchi samolyot, boshqa 6 ta samolyot hamrohligida Xirosimadan 6 soatli parvoz narida joylashgan Tinian orolidan havoga ko‘tarildi.

Soat 08.15 da polkovnik Pol Tibbets o‘z atom bombasini 9 kilometr balandlikdan Hirosima shahri markaziga tashladi. Portlash jarayoni yer yuzidan 576 metr balandlikda ro‘y berdi.

Portlash markaziga yaqin joyda bo‘lgan jamiki odamlar yorug‘lik nurlanishi ta’siridan shu zahoti tiriklayin yonib, ko‘mirga aylangan, parvoz qilayotgan qushlar havoda yongan, o‘t oladigan material borki, yongan. Masalan, portlash markazidan 2 km naridagi oddiy qog‘oz o‘t olgan, qulamay, tik holatda qolgan beton devorlarda bir necha soniyada yonib tugagan odamlar dog‘i qolgan, markazdan sal naridagi ochiq joyda bo‘lgan odamlarning terisi shilinib ketgan, zarbali to‘lqin ta’siridan odamlar katta-kichik buyum va jismlarga aralashib uzoq-uzoq masofalarga uchib tushgan, shaharni yong‘in qamrab, hududining 60 foizi kultepaga aylangan (agar jarayon to‘liq tavsiflanadigan bo‘lsa, manzara juda dahshatli bo‘ladi).

Amerikaliklarning ikkinchi yadroviy bombasi tashlanadigan asosiy nishon sifatida Kokura shahri tayinlanib, zaxira nishon sifatida, har ehtimolga qarshi, Nagasaki shahri tanlangan.

1945 yil 9 avgust kuni soat 02.47 da bortiga «Baqaloq»ni ortib olgan, mayor Charlz Suini boshqaruvidagi B-29 «Bockscar» rusumli bombardimonchi samolyot, boshqa samolyotlar hamrohligida Tinian orolidan havoga ko‘tarildi.

Soat 09.20 da Kokuraga yetib kelgan mayor CH. Suini shahar osmonini bulut qoplagani sababli, samolyotni zaxira nishon tomon burib, soat 11.02 da Nagasaki shahrining stadionini mo‘ljalga olgancha, bomba tashladi. Portlash jarayoni yer yuzidan 500 metr balandlikda, po‘lat quyish va artilleriya qurollarini ishlab chiqarish markazi Misubisining janub tomoni hamda Misubisi-Urakami torpeda ishlab chiqarish zavodining shimol tomonida ro‘y berdi.

O‘sha davrda radioaktiv zararlanish tushunchasi umuman bo‘lmagan va shu bois, mahalliy aholi shahar va uning atrofidan evakuasiya qilinmagan.

Omon qolgan odamlar shaharda yashab, vayronalarni tiklash bilan mashg‘ul bo‘lgan... buning oqibati esa nihoyatda fojiali bo‘lib, nurlanish kasalligi deya nom berilgan kasallik tufayli odamlar orasida o‘lim holatlari davom etavergan, chaqaloqlar ommaviy ravishda nogiron tug‘ilavergan va hokazo.

Qisqasi, Hirosima shahrining 306545 kishilik aholisidan 176987 kishi jabrlangan.

Halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan odamlar soni 92133 kishiga, og‘ir yaralanganlar soni 9428, yengil yaralanganlar soni 27997 kishiga yetgan. Ushbu raqamlar AQShning Yaponiyadagi okkupasiya armiyasi tomonidan keltirilgan bo‘lib, tabiiyki, imkon qadar qisqartirilgan, halok bo‘lgan yapon harbiy xizmatchilarining soni ko‘rsatilmagan. Shu bois, Xirosima shahrining halok bo‘lgan aholisi 166 ming kishiga yetishi mumkin.

Nagasaki shahrining halok bo‘lgan aholisi taxminan 60 – 80 ming kishini tashkil etgan.

Yaponiya shaharlari atom bombalari bilan bombardimon qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lgan-bo‘lmagani hanuzgacha ilmiy va ijtimoiy tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda, xususan:

1. Bombardimonni yoqlash tarafdorlari, ushbu chora Yaponiyaning kapitulyasiyasiga sabab bo‘lgani, demakki, urushayotgan ikkala tomon, ya’ni AQSh va Yaponiya bundan-da yirik talafot ko‘rishining oldini olganini, urush tezroq nihoyasiga yetib, Osiyodagi boshqa davlatlarda, birinchi navbatda Xitoyda ko‘plab odamlarning hayoti saqlab qolinganini va bir qator boshqa siyosiy sabablarni ro‘kach qiladilar.

2. Bombardimonni qoralayotgan tomon, ushbu chorani oddiy bombardimon qilish tadbirlarining o‘sha davrdagi davomi bo‘lib, yadro qurolini qo‘llanishiga harbiy ehtiyoj bo‘lmagani, mazmunan harbiy-siyosiy badaxloqlik bo‘lib, harbiy jinoyat, davlat tomonidan amalga oshirilgan terror sanalishini ta’kidlab kelmoqda.

3. Bir qator boshqa tadqiqotchilarning fikricha, Yaponiya shaharlariga atom bombalarini tashlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Uzoq Sharqda Yaponiyaga qarshi urush boshlashidan oldin SSRga o‘zining yadroviy qudratini namoyish etib qo‘yish bo‘lgan.

Shokir DOLIMOV

Manba: azon.uz

Kiritildi: 20:40 06.08.2018. O'qildi: 7579 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik