Hindiston joriy yilning 24 iyul sanasidan boshlab Xitoy fuqarolari uchun sayyohlik vizalarini qayta berishni boshlaydi. Bu haqda mamlakatning Xitoydagi elchixonasi ma’lum qildi. Viza berish amaliyoti so‘nggi uch yildan ortiq vaqt mobaynida ilk marta tiklanmoqda.
Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar 2020 yilda Himolay chegarasida yuz bergan harbiy to‘qnashuvdan so‘ng keskinlashgan edi. Hodisa ortidan Hindiston Xitoy sarmoyalariga cheklovlar joriy qildi, yuzlab xitoylik ilovalarni taqiqladi hamda aviaqatnovlarni qisqartirdi.
Xitoy ham o‘sha davrda Hindiston va boshqa davlatlar fuqarolariga viza berishni to‘xtatgan, biroq 2022 yilda COVID-19 pandemiyasi sabab joriy etilgan cheklovlarni bekor qilib, talabalar va biznes safarlar uchun vizalarni qayta tiklagandi.
Ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlar asta-sekin yaxshilanmoqda. O‘tgan yili Xitoy rahbari Si Szinpin va Hindiston bosh vaziri Narendro Modi o‘rtasida Rossiyada yuzma-yuz uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Guo Jiakunning aytishicha, Pekin ushbu ijobiy qadamni qayd etgan va ikki mamlakat o‘rtasida aloqalarni yaxshilashga tayyor.