Hindiston kriptovalyutalarni tartibga solish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlamoqda. Loyiha 29 noyabrda boshlanadigan Hindiston parlamentining navbatdagi sessiyasida taqdim etiladi.
Kecha, 23 noyabr kuni qonun loyihasining tavsifi parlamentning veb-sahifasida e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Bosh vazir Narendra Modining hukumati markaziy bankka rasmiy raqamli valyutani yaratishni taklif qilmoqda.
«Qonun loyihasi, shuningdek, Hindistondagi barcha xususiy kriptovalyutalarni taqiqlashga qaratilgan, biroq, u kriptovalyutaning asosiy texnologiyasini va undan foydalanishni targ‘ib qilish uchun ba’zi istisnolarga imkon beradi», deyiladi xabarda.
Parlament vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonlari hali yakunlangani yo‘q. Hindiston Moliya vazirligi esa vaziyatga munosabat bildirmadi.
Hindiston 2018 yilda kripto tranzaksiyalarini amalda taqiqladi, biroq Oliy sud 2020 yil mart oyida bu cheklovni bekor qildi. Hindiston markaziy banki xususiy virtual valyutalarga qarshi. Gubernator Shaktikanta Dasning fikricha, Hindiston kriptovalyutalar masalasida chuqurroq muhokamalarga muhtoj.