Hindistonning Rajastan shtatida Royal Enfield “Bullet 350” rusumidagi motosiklga sig‘inuvchilar bor. Balki ishonmassiz, lekin safari bexatar o‘tishini istovchi mahalliy aholi vakillari aynan shu ikki g‘ildirakli aravadan panoh so‘raydi.
Motosikl “ma’bud”ning paydo bo‘lish tarixi 1988 yilga borib taqaladi. O‘shanda Pali okrugida Om Sing Rator ismli kishi aynan shu motosiklda daraxatga urilib halok bo‘lgan ekan. Ertalab uni o‘lik holda topishgan, motosiklini esa polisiya uchastkasiga olib ketishgan. Emishki, ertasi ertalab motosikl halokat yuz bergan joyda paydo bo‘lib qolibdi. Polisiyachilar uni yana olib ketishibdi, hech kim olib ketmasligi uchun benzinini to‘kib tashlashibdi. Ammo ertasi kuni motosikl yana halokat joyida turganmish-da. Biror kasofat urishidan qo‘rqqan polisiyachilar motosiklni marhumning oilasiga berishibdi, ular esa qo‘shni shtatlik bir odamga sotib yuborishibdi. Keyin nima bo‘libdi deysizmi? Taxmin qilganingizdek, motosikl yana halokat joyiga qaytib kelibdi. Uning yangi egasi qaytarib olib ketishni istamabdi.
Shunday qilib, mahalliy odamlarning ko‘z o‘ngida yangi “ma’bud” tug‘ildi. Motosiklning atrofini oynavand to‘siq bilan o‘rashdi. Atrofda asta-sekin estalik buyumlari sotiladigan rastalar, hatto mehmonxona va restoran ham paydo bo‘ldi. Bitta ruhoniy har doim motosiklning xizmatida, atrofga ehson qutilari o‘rnatilgan, bu yerda festival ham o‘tkaziladi.
Xullas, shu yerdan o‘tadigan haydovchilar birrov to‘xtab duo qilishadi va yo‘llari bexatar bo‘lishini motosikldan so‘rashadi. Yana polisiya to‘xtatmasligini va jarima solmasligini ham, mast holda rul boshqarishdan asrashni ham so‘rashadi. Aytgancha, mastlikdan asrashni so‘rovchilar Om Singning haykalini viski bilan siylashlari shart.
Manba: zamin. uz