Havodagi zaharli moddalarning uzoq muddatli ta’siri muntazam jismoniy mashqlarning himoya samarasini ikki baravar kamaytirishi mumkin.
Bunday xulosaga xalqaro olimlar guruhi, jumladan, London universiteti kolleji tadqiqotchilari ham keldi. Tadqiqot BMC Medicine jurnalida chop etildi.
Tadqiqot Buyuk Britaniya, Tayvan, Xitoy, Daniya va AQShdan 1,5 milliondan ortiq katta yoshli insonni qamrab oldi. Ishtirokchilar o‘n yildan ortiq vaqt davomida kuzatilib, ularning jismoniy faollik darajasi va atrofdagi havo sifati baholandi.
PM2,5 mayda dispersli zarrachalarining konsentrasiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu mayda ifloslantiruvchi moddalar o‘pkaga chuqur kirib, so‘ngra qon oqimiga o‘tishga qodir.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, haftasiga kamida ikki yarim soat shug‘ullanganlarda muntazam jismoniy mashqlar barcha sabablardan o‘lim xavfini taxminan 30 foizga kamaytirgan. Biroq, agar odamlar havo ifloslanishi darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yashasa, bu samara sezilarli darajada pasaygan.
PM2,5 ning o‘rtacha yillik konsentrasiyasi 25 mkg/m³ dan yuqori bo‘lganda, himoya samarasi qariyb ikki baravar — 12-15 foizgacha kamaygan.
Yanada og‘irroq sharoitlarda — ifloslanish darajasi 35 mkg/m³ dan oshganda — mashg‘ulotlarning foydasi, ayniqsa, saraton kasalligidan o‘lim xavfini kamaytirish borasida yanada pasaygan. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, jahon aholisining qariyb uchdan bir qismi havoning bunday ifloslanish darajasi ta’siriga duchor bo‘lmoqda.
London Universitet kolleji professori Endryu Steptouning so‘zlariga ko‘ra, zaharli havo jismoniy mashqlarning salomatlikka ta’sirini susaytirishi mumkin, ammo ularning samarasini butunlay yo‘qqa chiqarmaydi.
Olimlarning ta’kidlashicha, tahlilda daromad, ta’lim darajasi, chekish va surunkali kasalliklarning mavjudligi kabi boshqa omillar ham hisobga olingan, bu esa xulosalarning ishonchliligini oshiradi.