Boks bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov “Milliy sport mukofoti-2024” tantanali taqdirlash marosimida yilning eng yaxshi erkak sportchisi deb topildi. Shubhasiz, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarining har bir qahramonlari bu nomga loyiq. Bokschimizning o‘zi ham tadbirdan so‘ng bu fikrni tasdiqladi.
– Eng yaxshi erkak sportchi nominasiyasi uchun raqobat katta edi. Siz o‘zingiz bu nominasiyada g‘olib bo‘lishingizni kutganmidingiz?
– Bu nominasiyaga nomzodim qo‘yilganini eshitganimdayoq juda ham xursand bo‘ldim. To‘g‘risi, shuncha nomzodlar orasida meni tanlashlarini kutmagan edim. Chunki bu nomga da’vogarlar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Bu yil o‘zbekistonlik sportchilar o‘zlari ishtirok etgan asosiy musobaqalarda yuqori natijalarga erishdi. Mukofot menga berilgani bilan aslida barchamizniki deb bilaman. Bunga Parijdagi hamma qahramonlar haqli.
– Bu e’tirof siz uchun nimani bildiradi?
– Bunday nom menga katta motivasiya berdi. Endi hozirgi darajamni tushirib yuborishga haqqim yo‘q. Barcha yurtdoshlarimiz mendan har bir jangda g‘alaba kutadi va ular istagan chiroyli boksni ko‘rsatib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishda davom etaman.
– 2025 yil uchun rejalaringiz qanday?
– Kelasi yil havaskorlar o‘rtasida jahon chempionati tashkil etiladi. Shuningdek, professional boks bo‘yicha ham bir necha jang o‘tkazishni reja qilganman. Nasib qilsa, bularning barchasida g‘alaba qozonib, navbatdagi chempionliklarga erishishni oldimga maqsad qilib qo‘yganman.